O‘zbekiston | 09:35
337
2 daqiqa o‘qiladi

Eski va avariya holatidagi binolarni yangilash tartibi belgilandi

O‘zbekistonda shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yangi qonun qabul qilindi. Hujjat eskirgan, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz hamda avariya holatiga kelib qolgan binolarni yangilashning huquqiy asoslarini belgilaydi.

“Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, renovatsiyani amalga oshirish uchun turar va noturar joylarning eskirganligi, avariya holatiga kelib qolganligi yoki hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar mavjud bo‘lishi asos bo‘ladi.

Qonunda shaharsozlik renovatsiyasining bir nechta shakllari nazarda tutilgan. Xususan, mavjud obektni asosiy konstruksiyalarini o‘zgartirmagan holda rekonstruksiya qilish, eski binolarni buzib, ular o‘rnida yangi obektlar qurish, shuningdek yashil hududlar va boshqa zonalar tashkil etish mumkin.

Renovatsiya loyihalari davlat organlari, mulk huquqi egalari yoki uchinchi shaxslar tashabbusi bilan ilgari surilishi mumkin.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda mahalliy hokimliklar huzurida shaharsozlik renovatsiyasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab olti oy o‘tgach kuchga kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid