Jahon chempionatining navbatdagi kunida to‘rtta uchrashuv o‘tkazildi va bu o‘yinlarning birortasida g‘olib jamoa topilmadi. Ispaniya Kabo-Verde bilan o‘yinda sensatsion ravishda ochko yo‘qotdi (0:0), Belgiya Misrni (1:1), Urugvay Saudiya Arabistonini yenga olmadi (1:1), Eron esa turnirni Yangi Zelandiya bilan durang o‘ynash bilan boshladi (2:2). Maydondan tashqarida ham e’tiborli voqealar bo‘lmoqda: Tunis birinchi o‘yindan keyinoq bosh murabbiyini iste’foga chiqardi, portugallar esa mashg‘ulot o‘tkaza olmadi.

Vozinya endi jahon miqyosidagi yulduz!

Ispaniya – Kabo-Verde 0:0
Ispaniya: Simon, Lyaport, Kubarsi, Kukurelya, Liorente, Rodri (Uilyams, 87), Pedri, Ruis (Merino, 71), Gavi (Yamal, 71), Torres (Olmo, 81), Oyyarsabal
Kabo-Verde: Vozinya, Diney Borjyes, Lopesh, Lopesh Kabral (Juan Paulu, 76), Moreyra, Lenini, Monteyru (Telmu Arkanju, 79), L. Duarte (D. Duarte, 61), Kabral (Semedu, 61), Mendesh da Grasa, Livramento (Da Koshta, 61)
Ogohlantirishlar: Pedri, 90 – Lopesh Kabral, 16

Kabo-Verde – JCh debyutanti, ispanlar esa Yevropa chempionatining amaldagi g‘olibi va hozirgi turnirning asosiy favoritlaridan biri. Ammo ushbu juftlikda ham sensatsiya ro‘y berdi: afrikaliklar «Qizil furiya» hujumlariga dosh berdi va darvozasi daxlsizligini saqlab qolib, ilk ochkosini qo‘lga kiritdi.

Kaboverdiliklar safidagi asosiy qahramon 40 yoshli darvozabon Vozinya bo‘ldi –  u ishonchli harakat qilib, raqiblarning umidlarini chippakka chiqardi va o‘yin davomida yetti bor seyv amalga oshirdi. Jozimar Diashning (darvozabonning haqiqiy ismi) perfomansi tomoshabinlarda shu qadar katta taassurot qoldirdiki, u o‘yindan keyin jahon miqyosidagi yulduzga aylandi: uning instagramdagi sahifasiga bir necha soat ichida besh milliondan ortiq o‘quvchi obuna bo‘ldi (o‘yindan oldin uning kuzatuvchilari soni atigi bir necha o‘n ming kishi edi).

Vozinyaning o‘zi (uning laqabi portugalchadan tarjimada «buvijon» ma’nosini beradi – u bolaligida o‘yinlarda o‘ziga qilingan nohaqlikdan keyin buvisining oldiga shikoyat qilib boravergani uchun boshqa bolalar tomonidan shunday laqab olgan) o‘yindan keyin yig‘ladi.

«Shuning uchun yig‘layapmanki, men buvim va bobom bilan o‘sganman, ular esa, afsuski, bu yerda emas... Ular bir necha yil oldin vafot etib ketishgan. Ular men uchun barcha narsa edi, men uchun barcha ishni qilishgandi. Va yana onam uchun...u bu yerga qila olmadi – viza juda qimmatlik qildi. Biz vaqtida to‘lov qila olmadik. Men u bu yerda bo‘lishini juda xohlagandim, ammo baribir juda xursandman. Juda baxtiyorman», – dedi futbolchi.