Moskva neftni qayta ishlash zavodi 20-sentabr kuni amalga oshirilgan dronlar hujumidan keyin faoliyatini vaqtincha toʻxtatdi. Bu haqda Reuters agentligi neftni qayta ishlash sanoatidagi uchta manbasiga tayanib xabar berdi.
Agentlik maʼlumotiga koʻra, Ukraina dronlarining hujumi oqibatida zavoddagi neftni dastlabki qayta ishlashga moʻljallangan ikkala qurilmada ham yongʻin chiqqan.
Manbalar zararlangan uskunalarni taʼmirlash bir necha hafta davom etishi mumkinligini bildirgan. Xabar eʼlon qilingan vaqtda «Gazpromneft» Reutersʼning izoh soʻroviga javob bermagan.
Moskva meri Sergey Sobyanin 20-sentabr kuni poytaxtga dronlar bilan keng koʻlamli hujum uyushtirilganini maʼlum qilgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, bir nechta uchuvchisiz apparat Moskva neftni qayta ishlash zavodi hududiga yetib borgan.
Zavoddagi AVT-6 dastlabki qayta ishlash bloki bir sutkada 21,4 ming tonna xomashyoni qayta ishlash quvvatiga ega. Bu korxona umumiy quvvatining 53 foiziga teng.
EURO+ majmuaviy qurilmasi esa sutkasiga 18,8 ming tonna xomashyoni qayta ishlaydi va zavod quvvatining qolgan 47 foizini taʼminlaydi.
Reuters qayd etishicha, 21-sentabrdan boshlab Moskva NQZda ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarining ulgurji partiyalari Sankt-Peterburg xalqaro tovar-xomashyo birjasida sotuvga qoʻyilmagan.
Moskva neftni qayta ishlash zavodi avval ham dronlar hujumiga uchragan. 18-iyunga oʻtar kechasi korxonaga zarba berilganidan keyin ham uning faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan edi.
The Moscow Times maʼlumotiga koʻra, Rossiyadagi eng yirik oʻnta neftni qayta ishlash zavodi qatoriga kiruvchi Moskva NQZ sentabr oyida dronlar hujumi tufayli yoqilgʻi ishlab chiqarishni toʻxtatgan beshinchi korxona boʻldi.
Bundan oldin poytaxt mintaqasini yonilgʻi bilan taʼminlovchi «Yaroslavnefteorgsintez» va Ryazan neftni qayta ishlash zavodlari, shuningdek, Sizran hamda Saratov NQZ ishini toʻxtatgan edi.

















