Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonni ichki talabning yuqoriligicha saqlanib qolayotgani, ijobiy ishlab chiqarish tafovuti, shuningdek Yaqin Sharqdagi urush bilan bog‘liq ehtimoliy inflyatsion bosimni hisobga olgan holda, pul-kredit siyosatining yetarlicha qat’iy yo‘nalishini saqlab qolishga chaqirdi. Bu haqda XVJ va O‘zbekiston o‘rtasidagi 2026 yilgi maslahatlashuvlar yakunlangani yuzasidan tashkilot e’lon qilgan bayonotda keltirib o‘tilgan.
2025 yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi iqtisodiy faollikning yuqori bo‘lishi hamda oltin narxlarining qimmatligi hisobiga 2,1 foizgacha qisqardi. Oltin narxlarining yuqori bo‘lishi, pul o‘tkazmalari o‘sishining saqlanib qolishi va oltinsiz eksportning oshishi joriy operatsiyalar hisobi taqchilligini ham YaIMga nisbatan 3,9 foizgacha kamaytirishga yordam bergan. Shuningdek, xalqaro zaxiralar ham yetarli darajada saqlanib qolyapti.
«Asosiy iqtisodiy prognoz ijobiyligicha qolmoqda. Hozircha Yaqin Sharqdagi urush bilan bog‘liq ikkilamchi ta’sirlar cheklangan darajada kuzatilmoqda. XVJ prognoziga ko‘ra, real YaIM 2026 yilda taxminan 6,8 foizga, 2027 yilda esa 6 foizga o‘sadi. Bunga xususiy iste’molning yuqori darajada qolishi, investitsiyalar hajmining ko‘payishi va tarkibiy islohotlarning izchil davom etishi yordam beradi. Prognozlarga ko‘ra, oltin narxlarining yuqori bo‘lishi hisobiga 2026 yilda joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi YaIMga nisbatan 3,2 foizgacha qisqaradi. Xalqaro zaxiralar ham qulay darajada saqlanib qoladi va 2026 yil oxiriga kelib 12 oylik import hajmini qoplash imkonini beradi.
Prognozlar bo‘yicha noaniqliklar hanuz yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Asosiy xatarlar global iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi bilan bog‘liq bo‘lib, geosiyosiy keskinlikning kuchayishi tashqi talabning qisqarishiga, eksport narxlarining pasayishiga va xalqaro moliya bozorlaridagi sharoitlarning qattiqlashishiga olib kelishi mumkin. Ichki xatarlar qatoriga budjet xarajatlarining iqtisodiy siklga mos ravishda ortib ketishi, maqsadli va imtiyozli kreditlash amaliyotining davom etishi hamda tarkibiy muammolarni bartaraf etishdagi kechikishlar kiradi. Bundan tashqari, tarkibiy islohotlar kutilganidan tezroq amalga oshirilsa, iqtisodiy o‘sish prognoz qilingan darajadan ham yuqori bo‘lishi mumkin», deyiladi XVJ hisobotida.
Xalqaro ekspertlarning ta’kidlashicha, mavjud sharoitlarda ehtiyotkor iqtisodiy siyosat yuritish, shu bilan birga, barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun taklif tomonidagi islohotlarni davom ettirish muhim.







