Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, poyezdni ishlab chiqaruvchi zavoddan mamlakatgacha tashish jarayoni to‘liq yakunlangan. Mazkur loyiha O‘zbekiston temiryo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, bunday poyezd tarkiblarini qit’alararo tashish yuqori mas’uliyat va murakkab logistik yechimlarni talab qiladi. Jumladan, katta gabaritli vagonlarni tashish uchun maxsus transport vositalari jalb qilindi, qayta yuklash jarayonlarida maxsus texnologiyalar qo‘llandi hamda tranzit, sug‘urta va bojxona ishlari yagona logistika zanjiri asosida muvofiqlashtirildi.

Tashuvlar «eshikdan-eshikkacha» tamoyili bo‘yicha amalga oshirilib, bu jarayonda «Temiryo‘lkargo» xalqaro multimodal logistika operatori sifatida yetakchi rolni bajardi. Kompaniya mutaxassislari tomonidan «Janubiy Koreya — Xitoy — Qozog‘iston — O‘zbekiston» maxsus tranzit marshruti ishlab chiqildi va ushbu yo‘nalishda dengiz, avtomobil hamda temiryo‘l transporti imkoniyatlari birlashtirildi.

Mutaxassislar fikricha, zamonaviy Hyundai Rotem tezyurar poyezdlarining mamlakatga keltirilishi yo‘lovchi tashish xizmatlari sifatini oshirish va ichki turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.