Ertaga O‘zbekiston milliy jamoasi JChdagi ikkinchi o‘yinini o‘tkazadi. Raqib birinchi turdagidan ham kuchliroq – asosiy favoritlardan biri Portugaliya. Lekin endi biz ham mundiallarda birorta o‘yin o‘tkazmagan debyutant emas, JCh, unda gol urish nimaligini biladigan Osiyoning kuchli jamoalaridan birimiz. Kannavaro xatolar qimmatga tushganini aytdi. Qayerda xato qildik? Portugaliyadek kuchli jamoaga qarshi qaysi nuqtalarga e’tibor qaratishimiz kerak?
Standartlar
Kolumbiyaga qarshi o‘yinda standart vaziyatlardan juda yomon foydalandik. Tan olaylik, biz guruhdagi barcha uch raqibdan kuchsizroqmiz. Hatto Kongo ijrochilari evaziga bizdan nomdorroq. Albatta, bu maydonda hech nimani anglatmaydi, lekin haqiqat shu. Kuchli jamoaga qarshi o‘yinda kuchsizroq jamoalar doim standart vaziyatlarga jiddiy e’tibor qaratadi.
2004 yilgi Yevropa chempionatini eslang. Ko‘pchilik guruhdan chiqishiga ham shubha qilgan Yunoniston oxirida chempion bo‘lib ketgan. Ochilish o‘yinida yunonlarga yengilgan mezbon Portugaliya finalda ham shu raqibga tushgach, qasos o‘tida yonib o‘ynagan, qo‘rqinchli «Da Luj» portugallarga qo‘shimcha kuch bergan. Lekin Figu, Ronaldu, Deku, Pauleta kabi yulduzlar birorta gol ura olmagan. Yunonlar esa burchak zarbasidan gol urib, chempion bo‘lib ketgan. Angelos Xaristiasning o‘sha goli kechagidek yodimda.
Yoki 2012 yilgi YeChL finalini eslang. «Bavariya» o‘z maydonida o‘tgan finalda 20 marta burchak zarbasi tepadi, natija – 0. Chelsi esa 88-daqiqada birinchi marta burchak zarbasi tepib, Drogba hisobni tenglashtiradi. Keyinchalik penaltilar seriyasida inglizlar yutib ketadi.
Bunday misollar ko‘p. Bir so‘z bilan aytganda, biz burchak zarbalarini, jarimalarni, hatto autlarni ovchi kabi sergak kutishimiz kerak. Kolumbiyaga qarshi o‘yinda standart ijrochilari ham aniqlab olinmagandek tuyuldi. Portugaliya to‘pni bermaydi, ijrochilar juda kuchli, shu sabab standartlarni o‘zgacha qadrlashimiz, ulardan maksimal foydalanishimiz shart. Oddiy autni ham golga aylantirish mumkin. Kumikov davrida «Andijon» buni qanday samarali usulga aylantirib olganini eslang. Chexiya birinchi turda autdan yetkazib berilgan to‘pdan keyin gol urdi. Burchak zarbalari «Arsenal»ni Angliya chempioni qildi!
Yaqinroq masofadan belgilangan jarima zarbalarini to‘g‘ri darvozaga yo‘llasak, samaraliroq bo‘lsa kerak. Chunki tarkibda kuchli zarbaga ega ijrochilar yetarli. Behruzning o‘yin yakunidagi fantastik zarbasini ko‘rdingiz. Abbos, Shukurov, Alijonovlar ham olisdan gol urishga usta.






