Eronning O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida bergan intervyusida shu kabi savollarga javob berdi.
— AQSh bilan imzolangan memorandumning qaysi bandini Eron hukumati eng muhim yutuq deb hisoblaydi?
— Suhbatimiz boshida shuni aytishim kerakki, Amerika urushga Eronni taslim qilish rejasi bilan kirishgan edi. Bu reja – Netanyahu tomonidan noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida Trampga taqdim qilingan taklif edi. Biroq urush boshlanganidan to‘rt kun o‘tib, bu qaror noto‘g‘ri ekanini o‘zlari ham anglab yetishdi. Shundan so‘ng vaziyat o‘zgardi va taxminan 80 kun davomida jarayon shunday kechdiki, natijada Eron o‘z shartlarini ilgari surib, ularni qabul qildira oldi.
Ya’ni jarayon shunday tus oldiki, dastlab Amerika Eronning so‘zsiz taslim bo‘lishini kutgan bo‘lsa, oxir-oqibat vaziyat teskari tomonga burildi – Eron o‘z pozitsiyasini mustahkamlab, dushman tomonni murosaga majbur qila oldi. Agar memorandumdagi bandlarga diqqat bilan qaralsa, bu holat yanada aniqroq tushuniladi.
Lekin eng asosiy yutuq – barcha frontlarda harbiy harakatlarni to‘xtatish kelishuvi bo‘ldi. Shuningdek, Eronning muzlatilgan aktivlari qaytariladi, Eronga qarshi qo‘llangan sanksiyalar bekor qilinadi, yetkazilgan zarar tiklash loyihalari orqali kompensatsiya qilinadi. Albatta, bular – muhim yutuqlar. Ammo asl natija bundan ham chuqurroq:
Birinchidan, bu jarayon shuni ko‘rsatdiki, Eronni harbiy yo‘l bilan taslim qilish mumkin emas. Mamlakatda kuchli tiyib turuvchi salohiyat mavjud bo‘lib, u ichki birlik, jipslik va mustahkam siyosiy institutlarga tayanadi.
Ikkinchidan, tashqi kuchlar yolg‘on narrativlar orqali o‘z pozitsiyasini majburan qabul qildira olmasligi ayon bo‘ldi. Kuch bilan bosim o‘tkazish har doim ham natija bermaydi.
Uchinchidan, bu jarayon shuni isbotladiki, xavfsizlik va tinchlik bir tomonlama bo‘lishi mumkin emas. Agar mintaqada beqarorlik yuzaga keltirilsa, u yerda barqaror tinchlikni ta’minlab bo‘lmaydi.
Shuningdek, ushbu voqealar natijasida Eron oldingidan ham kuchliroq pozitsiyaga chiqdi. Ma’lum ma’noda, Trampning qarorlari Eronning geosiyosiy jihatdan yanada mustahkamlanishiga olib keldi. Avval Eron uzoq vaqt davomida o‘zini tiyib, mintaqa davlatlari bilan muvozanatni saqlashga harakat qilgan edi. Biroq AQShning noto‘g‘ri hisob-kitoblari va siyosiy qarorlari natijasida bu pozitsiya o‘zgardi va Eron faol harakat bosqichiga o‘tdi.






