Janubiy Koreya milliy jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatini tark etishi katta mojaroga sabab bo‘ldi. Jamoa bosh murabbiyi Xon Men Bo iste’fos berdi va fanatlardan uzr so‘radi. Ammo xalq g‘azabidan qochib qutula olmadi: uni prezident Li Je Men ham tanqid qildi, televideniyeda uning yuzini «blyur» qildi, mahalliy tadbirkorlar esa uning o‘z do‘konlari va restoranlariga kirishini taqiqladi.

«Voqea tafsilotlarini sinchiklab tekshirishni so‘rayman»

57 yoshli mutaxassis uchun bu Janubiy Koreya milliy jamoasi boshqaruvidagi birinchi jahon chempionati emasdi. U 2014 yil Braziliyada o‘tkazilgan mundialda ham jamoani boshqargandi: o‘shanda uning shogirdlari Belgiya, Jazoir va Rossiya bilan bir guruhda so‘nggi o‘rinda qolib ketgan.

Xon Men Boni o‘shanda ham ayovsiz tanqid qilishgan, muxlislar aeroportdayoq o‘z e’tirozlarini uning o‘ziga bildirishgandi. O‘n yil o‘tib u qaytdi, ammo bu safar ham o‘xshamadi.

Holbuki Janubiy Koreya turnirni juda yaxshi boshlagan, Chexiya ustidan irodali g‘alabaga erishgandi (2:1). Bunday muvaffaqiyatli startdan keyin Meksika va JARga qarshi ikki o‘yinda ham mag‘lubiyatni deyarli hech kim tasavvur qilmayotgandi. Ammo jamoa bu ikki o‘yinda ham yaxshi o‘ynaganiga qaramay, bir xil 0:1 hisoblarida yutqazdi va jahon chempionatini tark etdi.

Bunday natija uchun Xon Men Boni koreyslar kechira olishmadi. Matbuot anjumanida u jamoa boshqaruvidan ketishi haqida oldindan tayyorlab qo‘yilgan matnni o‘qib berdi.

«Koreya futbolini sevadigan va milliy jamoani qo‘llab-quvvatlaydigan muxlislarimizdan uzr so‘rayman. Biz kutilgan natijalarga erisha olmadik va buning uchun barcha mas’uliyat faqat mening zimmamda», – deya uning so‘zlarini keltiradi Yonhap nashri.

Ammo murabbiy uchun shu bilan mavzu yopilmadi. Uni barcha kulfatlar uchun aybdor deb topishdi – va JAR bilan o‘yinning boshlang‘ich tarkibiga jamoa sardori Son Heung Minni kiritmaganini esga olishdi: yulduzli futbolchi faqat ikkinchi bo‘lim davomida maydonga tushirilgandi.

Jurnalist Nuel Lanzonning yozishicha, Xon Men Bo xavfsizlik nuqtayi nazaridan Janubiy Koreyaga jamoadan alohida holda qaytgan. Hech kim 2014 yilgi tahqirli aksiya takrorlanishini xohlamagan: o‘shanda jamoani kutib olish vaqtida muxlislar murabbiylar shtabi vakillari hamda futbolchilarga qarata shirinliklar va boshqa buyumlarni uloqtirishgandi.

Mahalliy TVda esa allaqachon bosh murabbiyning yuzi xuddi jinoyatchilarniki kabi «blyur» qilinmoqda, do‘konlar va restoranlarda esa «Xon Men Bo kirishi taqiqlanadi» yozuvli tablichkalar paydo bo‘lgan.