Eronning O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy Kun.uz'ga bergan intervyusida G‘arbning Eron yadroviy dasturiga oid asosiy da’volarini rad etdi. U, shuningdek, urush davomida amerikaliklar boyitilgan uran zaxiralarining joylashuvini aniqlashga uringani, lekin buning uddasidan chiqolmaganini aytib o‘tdi.

— Eron AQSh bilan urush davomida boyitilgan uranni qanday saqlab qoldi?

— Trampni urushga undagan asosiy omillardan biri – boyitilgan uran masalasi bo‘yicha shakllangan noto‘g‘ri tasavvurlar edi. Bizning fikrimizcha, Tramp Netanyahu tomonidan berilgan noto‘g‘ri yoki bo‘rttirilgan tasavvurlarga tayanib harakat qilgan. Eron Islom Respublikasining yadro dasturi bir necha muhim xususiyatlarga ega.

Birinchidan, bu – sohadagi bilim va tajriba. Bu bilimni bombalar bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Vaqtincha xalaqit berish mumkin, ammo uni butunlay yo‘q qilish imkonsiz. Ikkinchidan, bu tizim markazlashgan emas, ya’ni u bitta joyda jamlanmagan, balki turli hududlarga tarqalgan. Shu sababli uni bitta zarba bilan yo‘q qilishning imkoni yo‘q. Uchinchidan, uranni boyitish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va bir nechta obektlarda olib boriladi. Bu ham uni tezda yo‘q qilish imkoniyatini qiyinlashtiradi.

Keyingi muhim omil – bu sohada ishlayotgan mutaxassislar. Ayrim odamlarni yo‘q qilish mumkin, ammo bu bilimlarga ega minglab mutaxassislarni yo‘q qilib bo‘lmaydi.

Shuningdek, Eronning yadro dasturi harbiy xarakterga ega emas, balki tinchlik maqsadlariga yo‘naltirilgan. U turli sohalarda qo‘llanadi, masalan, farmatsevtika hamda ilmiy tadqiqotlarda. Axir bunday tizimlarni bitta zarba bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Undan tashqari, biz Amerikadek dushman bilan urushayotganimizda boyitilgan uranni bir joyda saqlamaymiz-ku.

Bundan tashqari xavfsizlik, mudofaa va harbiy jihatdan zarur choralar ko‘rilgan. Shu sababli, ayrim obektlarga zarba berilgan bo‘lsa ham, umumiy salohiyat yo‘qolgan deb aytish asossiz. Shunga qaramay, AQSh va Isroil bir nechta zarbalardan so‘ng Eronning yadroviy salohiyati yo‘q qilindi deb da’vo qildi. Agar bu rost bo‘lsa, nega hanuz muzokaralar davom etyapti? Bu esa aslida salohiyat saqlanib qolganini ko‘rsatadi.

Natijada Trampda shakllangan noto‘g‘ri tasavvurlar barham topdi. Bu holat uning uchun siyosiy jihatdan og‘ir bo‘ldi va u keyinchalik shoshmashosharlik bilan qarorlar qabul qildi. Masalan, u boyitilgan uran zaxiralari bor deb hisoblangan joylarga maxsus kuchlar yubordi. Ammo bu harakat natijasiz yakunlandi va 1 milliard dollardan ortiq zarar bilan ortga qaytishga majbur bo‘lindi. AQSh maxsus kuchlari Eronning tuzog‘iga tushib, bir qancha samolyot va harbiy texnikalaridan ajraldi. Bu ham Netanyahu tomonidan Trampga berilgan noto‘g‘ri ma’lumotlar edi. Oqibatda amerikaliklar yana adashdi.