Lionel Messi bu safargi jahon chempionatini shunday boshladiki, barcha uning yoshini unutib yubordi. Uchta o‘yinda olti gol – salmoqli ko‘rsatkich. Parallel ravishda Messi jahon chempionatlarida urgan jami gollari soni bo‘yicha Miroslav Klozeni ortda qoldirdi. Leoning gollari soni 19 taga yetdi, germaniyalik futbolchida 16 ta gol bor edi. Boshqa tomondan, bu turnirda Messiga Kilian Mbappe ham yaqinlashib oldi (18). Ammo abadiydek ko‘rinadigan yana bir rekord bor. U olis 1958 yildan buyon saqlanib turibdi. O‘shanda fransuzlar jamoasi hujumchisi Jyust Fonten bitta jahon chempionatida 13 ta gol urgandi. «Chempionat» o‘z materialida ushbu rekord tarixini esga oldi va Messining bu rekordni yangilash imkoniyatlarini baholadi.
Fonten rekordni begona butsalarda urgan. 1958 yilgi turnirdan oldin u Fransiya termasining asosiy futbolchisi emasdi
1958 yilgi jahon chempionati to‘rt yil oldingi turnir kabi gollarga boy kechmagandi. Shveytsariyadagi mundialni esa jamoalar o‘ta sermahsul o‘tkazishgandi – bir o‘yinda o‘rtacha 5,38 tadan gol urilgan. Shvetsiyadagi jahon chempionatida esa bu ko‘rsatkich ancha pastroq bo‘ladi – bir o‘yinga o‘rtacha 3,6 tadan gol to‘g‘ri keladi. Ammo aynan shu turnirda qariyb 70 yil mobaynida saqlanib qolayotgan rekord o‘rnatilgandi.
Fonten 1958 yilgi jahon chempionatigacha Fransiya milliy jamoasining asosiy futbolchisi hisoblanmasdi. Jyust faqat Rene Bliyarning jarohati tufayli boshlang‘ich tarkibda o‘ynash imkoniyatini qo‘lga kiritadi. «1957 yil dekabrida tizzam operatsiya qilingandi. 1958 yil 15 fevralida esa men maydonda edim. Iyun oyiga yaxshi formada yetib borish uchun qo‘limdan kelganini qildim. Isodek suv ustida yurdim desam ham bo‘ladi», – degandi keyinroq Fonten.

Foto: Keystone-France/Getty Images
Fonten Skandinaviyaga faqat bir juft butsa olib keladi. U shunchaki maydonga tushishiga to‘g‘ri kelishini o‘ylamagandi. Fransiya milliy jamoasi murabbiylar shtabi jarohatlar tufayli uni tarkibga qo‘shgandi. Ammo Fontenning xursandchiligi o‘rnini tezda xafagarchilik egallaydi – o‘yindan oldingi oxirgi mashg‘ulot chog‘ida uning butsasi yirtilib ketadi.
«Men tamom bo‘ldim. Imkoniyatni qo‘ldan boy berdim, deb o‘ylardim», – deya xotirlaydi Jyust. Uning baxtiga Fransiya milliy jamoasi safida oyoq o‘lchami unikiga to‘g‘ri keladigan bir futbolchi topiladi. Stefan Bryui boshlang‘ich tarkib uchun raqobatchisi bo‘lganiga qaramay, butsalarini Jyustga berib turadi. Oyoq kiyimini almashtirish esa Fontenning o‘yinini ochib yuboradi.













