Misr milliy jamoasi 1/8 finalda Argentinaga yutqazib, jahon chempionatini tark etdi. Mag‘lubiyat juda alamli bo‘ldi – afrikaliklar jamoasi ikkinchi bo‘lim davomida 2:0 hisobida oldinda borib, o‘yin oxirida 13 daqiqa ichida uchta gol o‘tkazib yubordi. O‘yindan keyin jamoa vakillari hakamlikni keskin tanqid qilishdi.
«Hakam millat orzusini barbod qildi»
O‘yindan keyin Misr milliy jamoasi bosh murabbiyi Hussam Hassan hamda jamoa hujumchisi Mustafo Ziko o‘z intervyularida FIFAni soxtakorlikda ayblab, jahon chempionatida hamma narsa Lionel Messining foydasini ko‘zlab qilinganini aytishdi.
Murabbiy Argentinani muddatidan oldin «chempionlik» bilan tabriklagan va bu jamoa «o‘ynamasdan ham chempion bo‘lishi»ni aytgan:
«Biz bugun yaxshiroq o‘ynadik, ammo futbolda adolat yo‘q. FIFA feyr-pley tarafdori bo‘lsa ham, bo‘lib o‘tgan voqealar adolatsizlik edi. Hakam arzirli sababsiz golni inobatga olmadi. Keyin bizga penalti berilmadi. Hisob 3:1 bo‘lishi mumkin edi, ammo amalda 2:2 bo‘ldi.
Penalti bilan bog‘liq epizodda Hamdi Fathini jarima maydonida ochiqchasiga futbolkasidan tortib yiqitishgandi.
Balki gap marketingdadir. Balki kimdir jahon chempionatida muayyan jamoa yoki muayyan yulduz yana g‘olib bo‘lishini xohlar. Bu yana Argentina va yana Messi bo‘lishini.
Men futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman, ular so‘ralgan ishni qilishdi, biz ajoyib daraja namoyish etdik, Misr, arab dunyosi va Afrika futbolini biz bilan faxrlanishga majbur qildik. Ammo vazifani murakkablashtiradigan tashqi omillar bor. Albatta, iloji boricha uzoqroqqa borib, muxlislarga yanada ko‘proq quvonch bag‘ishlashni istardik, men yutqazishni yomon ko‘raman. Mag‘lubiyat bunday adolatsizlik bilan kelganda esa juda ham og‘ir. Shuning uchun meni kechiring va mendan xafa bo‘lmang.
Men faqat bir narsani – adolatni so‘rayman. FIFA adolatli o‘yin tamoyili haqida gapiradi, ammo menimcha, bizni jiddiy xafa qilishdi. Belgiya bilan birinchi o‘yinda ham bizga aniq penalti belgilanmagan edi. Hozir ham shunday bo‘ldi. Hakamlarning xatolari hal qildi».
Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida birinchi goli bekor qilingan hujumchi Mustafo Ziko ham fransiyalik hakam Fransua Leteksening ishini juda past baholagan.
«Hakam bizni mag‘lub qilish uchun maydonga tushgandi. Biz Misr xalqini xursand qilishga umid qilgandik, ammo oxir-oqibat Argentinani jahon chempionatidagi g‘alabasi bilan tabriklaymiz. Bu soxta turnir va endi ular qolgan o‘yinlarni o‘ynashlari ham shart emas. Hakam butun bir millatning orzusini barbod qildi va u bizni nishonga oldi, chunki biz Argentinani mag‘lub etmasligimiz kerak edi. Endi xudo oldida javob bersin.

















