Jamiyat | 09:45
1265
3 daqiqa o‘qiladi

Sobiq davlat xizmatchilarini ishga olish tartibi o‘zgardi

O‘zbekistonda sobiq davlat xizmatchilarini ayrim tashkilotlarga ishga qabul qilish tartibi kuchaytirildi. Endi ularni ishga olishdan avval korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasining xulosasini olish majburiy hisoblanadi.

Foto: Kun.uz

Adliya vazirligi sobiq davlat xizmatchilarini ishga qabul qilishda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasidan xulosa olish tartibini belgilovchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026 yil 8 iyul kuni 3894-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Mazkur tartib «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Qonunga muvofiq, davlat organi yoki tashkilotida ishlagan shaxs ishdan bo‘shaganidan keyin ikki yil davomida o‘zi nazorat qilgan tashkilotga ishga qabul qilinishi uchun avvalgi ish joyining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasidan majburiy xulosa olinishi shart.

Yangi tartibga ko‘ra, nazorat ostida bo‘lgan tashkilot sobiq davlat xizmatchisini ishga qabul qilishni rejalashtirsa, uning kadrlar xizmati bir ish kuni ichida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasiga murojaat qilishi lozim.

Ichki nazorat bo‘linmasi quyidagi uch turdagi xulosalardan birini taqdim etadi:

  • ijobiy xulosa — nomzodni ishga qabul qilish mumkin;

  • cheklovli ijobiy xulosa — belgilangan cheklovlar asosida ishga qabul qilish mumkin;

  • salbiy xulosa — ishga qabul qilish rad etiladi.

Hujjatga muvofiq, ichki nazorat bo‘linmasining xulosasi olinmagan yoki salbiy xulosa berilgan taqdirda nomzodni ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agar cheklovli ijobiy xulosa berilsa, xodim uch oy davomida avval nazorat qilgan tashkilotga oid qarorlarni qabul qilish jarayonida ishtirok etmaydi. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan vazifalari qayta taqsimlanadi va uning faoliyati korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi tomonidan monitoring qilinadi.

Sobiq davlat xizmatchisi ichki nazorat bo‘linmasining xulosasidan norozi bo‘lsa, yuqori turuvchi tashkilotga yoki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga shikoyat qilish huquqiga ega.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid