Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiya loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.
Hujjatga muvofiq, kelgusi uch yilda makroiqtisodiy va soliq-byudjyet barqarorligini ta’minlash, davlat moliyasini samarali boshqarish hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.
Strategiyada «O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga muvofiq, konsolidatsiyalashgan byudjyet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik asosiy fiskal qoidalardan biri sifatida qayd etilgan. Shuningdek, davlat qarzining YaIMga nisbatini 40 foizdan yuqoriga chiqarmaslik maqsadi ham saqlab qolingan.
Hujjatga ko‘ra, ushbu maqsadlarga erishish uchun byudjyet daromadlari bazasini kengaytirish, xarajatlar samaradorligini oshirish, o‘rta muddatli byudjyetlashtirish tizimini rivojlantirish hamda fiskal xatarlarni boshqarish mexanizmlarini kuchaytirish choralari amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, 2026 yilda iqtisodiyot o‘sishi 8,1 foiz, 2027 yilda 6,9 foiz, 2028 yilda 7,1 foiz va 2029 yilda 7,4 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Inflyatsiyani esa 2027 yildan boshlab 5 foiz atrofida barqarorlashtirish rejalashtirilgan.
Fiskal strategiyada davlat moliyasini boshqarishni yanada takomillashtirish, byudjyet jarayonlarini raqamlashtirish, dasturiy byudjyetlashtirishni kengaytirish hamda byudjyetning ochiqligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham nazarda tutilgan.











