Samarqandda boʻlib turgan AQSH davlat kotibi Marko Rubio Kun.uz muxbiri savoliga javob berarkan, Vashingtonning Oʻzbekiston bilan munosabatlarida asosiy eʼtibor iqtisodiy imkoniyatlar va oʻzaro manfaatli hamkorlikka qaratilayotganini bildirdi.
Kun.uz muxbiri:
- Janob davlat kotibi, bugungi uchrashuvda oʻzbekistonlik hamkasbingiz bilan qaysi asosiy masalalarni muhokama qilasiz? Shuningdek, AQSH prezidenti Markaziy Osiyoga, xususan, Oʻzbekistonga qachon tashrif buyurishni rejalashtirmoqda?
Marko Rubio:
- Prezidentning kelgusidagi safar rejalari haqida hozircha izoh berolmayman. Biroq biz bu tashrif amalga oshishini istaymiz. Kelgusi yil ushbu masala ustida ishlab, qaysi sanalar maqbul boʻlishini koʻrib chiqmoqchimiz.
Menimcha, agar imkoniyat boʻlsa, prezident bu yerga kelishni xohlaydi. Uning oʻzi ham shunday degan. Ammo prezidentning tashriflar jadvali haqida hozir aniq bir gap ayta olmayman.
Bugungi muzokaralarga kelsak, kun tartibimizda ikki tomonlama munosabatlarga oid koʻplab masalalar bor. Oʻylashimcha, dunyoning boshqa mamlakatlari kabi Oʻzbekiston ham xalqaro maydonda sodir boʻlayotgan voqealarni, ularning global iqtisodiyotga taʼsirini diqqat bilan kuzatmoqda.
Shu bilan birga, ikki tomonlama munosabatlarimizda juda koʻp ijobiy oʻzgarishlar yuz bermoqda. Eng muhimi, bizning munosabatlarimiz muammolar yoki ziddiyatlar emas, balki imkoniyatlar asosida rivojlanmoqda.
Oʻzbekiston iqtisodiyoti jadal oʻsib borayotgan mamlakat. Bu yerda aholi farovonligini oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Amerika kompaniyalari ham bunga qiziqish bildirmoqda. Biz hamkorlikni yanada qanday kengaytirish mumkinligini oʻrganish uchun shu yerdamiz.
Menimcha, bu xalqlarimiz va mamlakatlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi. Chunki munosabatlarni oʻzaro farovonlik va umumiy iqtisodiy manfaatlardan koʻra kuchliroq mustahkamlaydigan omil yoʻq. Biz aynan shu yoʻnalishda ishlashni maqsad qilganmiz.
Rubio, shuningdek, Markaziy Osiyo AQSH tashqi siyosatida yetarlicha eʼtibor olmaganini eʼtirof etdi.
- Markaziy Osiyo soʻnggi 20 yil davomida siyosatchilarimiz tomonidan oʻzi munosib boʻlgan eʼtiborni olmadi. Ammo bu holat oʻzgarmoqda. Shuning uchun biz bugun shu yerdamiz.















