Qonunchilik palatasi majlisida «Migratsiya sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda turizmni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida chet el fuqarolarining O‘zbekistonga kirishi va mamlakatda bo‘lishi bilan bog‘liq tartib-taomillar soddalashtirilmoqda.

Hozirda 80 dan ortiq davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi amal qiladi, shuningdek, elektron viza berish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada 2026 yilning dastlabki besh oyida mamlakatga kelgan xorijiy turistlar soni 27 foizga o‘sib, 5,5 mln nafarga yetgan.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehmonxona, motel, turistik lager, dam olish uyi va zonalari, sanatoriy, davolash pansionati, davlat va xususiy klinika, shifoxona hamda boshqa tibbiyot muassasalariga joylashganda, ular qabul qiluvchi tashkilot tomonidan kelgan vaqtida ro‘yxatga olinishi kerak.

Biroq amaliyotda ayrim tashkilot va muassasalar xorijliklarni belgilangan tartibda turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazmaslik holatlariga yo‘l qo‘yayotgani qayd etilgan.

Shu munosabat bilan qonun loyihasida bunday tashkilotlarning javobgarligini kuchaytirish, jumladan, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni E-mehmon axborot tizimiga kiritmaslik uchun javobgarlikni oshirish taklif etilmoqda.

Shuningdek, amaldagi qonun hujjatlarini 2025 yil 10 iyulda qabul qilingan «O‘zbekiston fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.

Xususan, fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq atama, tushuncha va huquqiy mexanizmlar birxillashtiriladi. Amaldagi qator kodeks va qonunlardagi «doimiy yashash joyi» va «vaqtinchalik yashash joyi» tushunchalarini tegishincha «yashash joyi» va «turgan joyi» atamalari bilan almashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Muhokama yakunida deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.