Oʻzbekiston bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi hamkorligida mehnat faoliyati davomida Qozogʻistonda ogʻir tan jarohati olgan fuqaroning Oʻzbekistonga qaytishi taʼminlandi.
Joriy yilning 25-avgust kuni Oʻzbekiston fuqarosi D.A. turmush oʻrtogʻi X.M.ni vatanga qaytarishda amaliy yordam koʻrsatishni soʻrab bosh konsulxonaga murojaat qilgan.
Oʻrganishlar davomida X.M. Olmaota shahridagi qurilish obyektlarining birida ehtiyotsizlik oqibatida balandlikdan yiqilib, ogʻir tan jarohati olgani hamda 2026-yil 15-avgustdan buyon mahalliy tibbiyot muassasasida davolanayotgani aniqlandi.
Fuqaroning sogʻligʻi va tibbiy holati inobatga olinib, bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligi tomonidan uni mamlakatga qaytarish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Saʼy-harakatlar natijasida, X.M. va uning turmush oʻrtogʻi “Qoplonbek–Navoiy” chegara nazorat posti orqali Oʻzbekiston hududiga olib oʻtildi hamda tibbiyot muassasasiga joylashtirildi.














