«Verstka» nashrining Armanistondagi rieltorlarga tayanib yozishicha, Rossiya fuqarolarining mamlakatdagi uy-joylarni ijaraga olish va sotib olishga qiziqishi 2022 yilda kuzatilgan darajaga yaqinlashgan.
Rieltorlardan biri aytishicha, avvalgi yillarda uning mijozlarining asosiy qismini Yerevanda allaqachon yashab kelayotgan rossiyalik muhojirlar tashkil etgan bo‘lsa, hozirda mijozlarning qariyb 80 foizi Armanistonga yaqinda kelgan yoki yaqin vaqt ichida ko‘chib kelishni rejalashtirayotgan Rossiya fuqarolaridir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, talabning yangi to‘lqini may oyidagi bayramlardan keyin boshlangan va hozirgacha kuchayib bormoqda. Ko‘plab mijozlar avgust oyi oxiri va sentyabr oyi uchun kvartira izlamoqda. Rieltorlardan biri bu holatni Rossiya Davlat dumasiga saylovlar 18–20 sentyabr kunlari o‘tkazilishi arafasida ayrim fuqarolar mamlakatni tark etishga intilayotgani bilan izohladi.
Armaniston rossiyaliklar uchun eng qulay emigratsiya yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 2017 yildan buyon Rossiya fuqarolari mamlakatga ichki pasporti bilan kirishi mumkin. Shuningdek, ishlash, o‘qish, tadbirkorlik yoki oilaviy aloqalar asosida vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini rasmiylashtirish imkoniyati ham mavjud.
Bu xabar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Rossiya hokimiyati 2026 yil kuzida safarbarlikni kengaytirishni rejalashtirayotgani haqidagi bayonoti ortidan yangradi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin yangi fuqarolarni urushga jalb qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shuningdek, u iyun oyidan beri Voronej viloyatida Shimoliy Koreyadan keladigan 30 ming nafar harbiyni qabul qilishga tayyorgarlik ketayotganini ham iddao qildi.
Moskva ushbu bayonotlarga rasmiy munosabat bildirmagan. Shu bilan birga, Armanistondagi ko‘chmas mulk bozori va ijara narxlaridagi o‘sish rossiyaliklar tomonidan mamlakatga ko‘chib kelishga qiziqish yana ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.











