Rossiyalik harbiylar 30 iyulga o‘tar kechasi Ukraina regionlari bo‘ylab yopirilma hujum uyushtirdi, unda 70 dan ortiq raketa va 280 dan ortiq dron ishlatilgan. Kiyev shahri va Kiyev oblasti, Dnipropetrovsk, Lviv, Poltava, Xarkiv, Mikolayiv, Sumi, Vinnitsa, Cherkass va Ivano-Frankovsk oblastlari zarba ostida qoldi, deb xabar berdi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Hujumlar oqibatida butun mamlakat bo‘ylab sakkiz kishi halok bo‘lgan va o‘nlab kishilar jabrlangan.

  • Kiyevda zarba oqibatida bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi jabrlangan. Shaharning ikki rayonida yong‘in ro‘y bergan: Obolon rayonida bozor hududidagi savdo pavilyoni yonib ketgan, Svyatoshinsk rayonida garajlar kooperativi hududida yong‘in chiqqan. Hujum vaqtida 56 mingdan ortiq kiyevliklar metro bekatlariga tushib, jon saqlagan.
  • Kiyev oblastida besh kishi, jumladan, bir bola Rossiya hujumidan jabrlandi. Brovari rayoni Skibin qishlog‘ida ikki qavatli xususiy uy qisman vayron bo‘lgan, unga qo‘shni joylashgan yana ikki uy ham shikastlangan.
  • Dnipropetrovsk oblasti Radushnoye qishlog‘ida olti kishi, jumladan ikki bola halok bo‘lgan, sakkiz kishi jarohat olgan. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Rossiya raketasi ko‘p farzandli oila istiqomat qilgan xususiy uyga kelib urilgan. Qutqaruvchilarga ko‘ra, bu yerda ikkita xususiy uy vayron bo‘lib, yana beshtasi shikastlangan. Xarobalar ostidan ikki bola chiqarib olingan, yana besh kishi ichkarida qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda. Radushnoyega yaqin joylashgan Kriviy Rih shahrida 31 iyul qurbonlar xotirasi uchun motam kuni deb e’lon qilindi.
  • Lvivda esa 34 kishi jarohat olgan, bu yerda tungi raketa hujumi vaqtida bir necha uy qisman vayron bo‘lgan. Besh qavatli bino xarobalar ostida odamlar qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Shahar meri Andrey Sadoviy xabar berishicha, Rossiya raketasi Vigovskiy ko‘chasidagi uylardan biriga kelib urilgan, ammo portlamagan. Raketaning jangovar qismi zararsizlantirilgan. Livvda hujum oqibatida jami 20 dan ortiq uy, bolalar bog‘chasi va maktab binosi shikastlangan.
  • Poltava oblastida bir kishi halok bo‘lgan. Rossiya zarbasidan keyin mahalliy korxonalardan birining omborlari, shuningdek, «Novaya pochta» terminali vayron bo‘lgan.
Rossiyaning Lviv bo‘ylab hujumi vaqtida vayron bo‘lgan ko‘p qavatli uy
Roman Baluk / Reuters / Scanpix / LETA

RF Mudofaa vazirligi Rossiya harbiylari Kiyev, Lviv, Dnipropetrovsk oblasti va Ukrainaning boshqa hududlaridagi harbiy aerodromlar, harbiy korxonalar va logistika markazlariga zarbalar berganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, vazirlik Odessada va Janubiy portda go‘yoki «harbiy mol-mulk» yetkazib berayotgan yuk kemalari hujumlar nishoni bo‘lganini ta’kidlagan.