Tramp bu haqda The Financial Times nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. U Patriot tizimlarini «o‘ta noyob qurol» deb atab, AQSh bunday harbiy texnologiyalarga litsenziya berishda juda ehtiyotkor yondashishini ta’kidladi.
«Bu juda muhim qurol. Litsenziyalarni kimga berish masalasida ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak. Umuman olganda, biz harbiy uskunalar uchun litsenziyalarni tez-tez bermaymiz», - dedi AQSh prezidenti.
Bu bayonot Trampning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Oq uyda o‘tkazgan uchrashuvidan ikki kun o‘tib yangradi. Zelenskiy mazkur muloqotni samarali deb baholab, unda Patriot tizimi uchun tutib qoluvchi raketalarni birgalikda ishlab chiqarish va boshqa mudofaa loyihalari muhokama qilinganini aytgan edi. Shuningdek, u Patriot ishlab chiqaruvchi kompaniyalar vakillari bilan ham uchrashganini ma’lum qilib, qo‘shma ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishiga umid bildirgan.

Ma’lumot uchun, Patriot tizimlari AQShning Lockheed Martin va RTX kompaniyalari tomonidan ishlab chiqariladi.
Tramp intervyu davomida AQShning asosiy maqsadi Ukrainaga yanada ko‘proq qurol yetkazib berish emas, balki Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni yakunlash ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff hamda Jared Kushner yaqin kunlarda birinchi marta Ukrainaga tashrif buyuradi.
«Biz raketalar haqida emas, urushni to‘xtatish haqida o‘ylayapmiz. Bizga tinchlik kerak», - dedi Tramp.
Shu bilan birga, Rossiyaning navbatdagi ommaviy hujumlaridan so‘ng Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xalqaro hamkorlarga havo hujumidan mudofaa vositalari bo‘yicha yordam so‘rab murojaat qildi. Uning ma’lum qilishicha, Rossiya bir kechada Ukrainaga 70 dan ortiq raketa, asosan ballistik raketalar, hamda 280 dan ziyod zarbali dronlarni uchirgan.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, mamlakat aholisi xavfsizligi ko‘p jihatdan hamkor davlatlarning, ayniqsa Patriot tizimlari uchun raketa zaxirasiga ega AQSh va boshqa mamlakatlarning ko‘magiga bog‘liq.











