Dpa agentligining xabar berishicha, gap strategik emas, balki notrategik (taktik) yadroviy qurollar haqida bormoqda. Bunday qurollar asosan qo‘shinlar, aerodromlar, portlar, qo‘mondonlik punktlari va boshqa harbiy infratuzilma ob’yektlariga qarshi qo‘llash uchun mo‘ljallangan. Ular qiruvchi samolyotlar yoki qanotli raketalar orqali yetkaziladi va strategik yadroviy qurollarga nisbatan quvvati pastroq hisoblanadi.

Bundan avval NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham agentlikka bergan intervyusida Yevropada qo‘shimcha AQSh yadroviy qurollarini joylashtirish ehtimolini istisno etmagan. Biroq u bu boradagi muzokaralar tafsilotlarini ochiqlamagan.

«Biz hech kim NATOga yadroviy zarba berib, javobsiz qolishi mumkin emasligiga ishonch hosil qilishimiz kerak», - degan Mark Ryutte.

Ma’lum qilinishicha, Sovuq urush tugaganidan keyin Yevropa hududida AQShning taxminan 100 ta B61-12 turidagi yadroviy bombasi saqlanib qolgan. Ular NATOning Nuclear Sharing dasturi doirasida Germaniya, Belgiya, Italiya, Niderlandiya va Turkiyadagi oltita aviabazaga joylashtirilgan.

Shu bilan birga, ayrim davlatlar qonunchiligida ham o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Litva prezidenti Gitanas Nauseda mamlakat NATOning yadroviy tiyib turish tizimiga qo‘shilishga tayyorligini bildirgan, ammo hozircha tinchlik davrida mamlakat hududiga yadroviy qurol joylashtirish rejasi yo‘qligini ta’kidlagan.

Finlandiyada esa iyun oyi oxirida qabul qilingan «Atom energiyasi to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar mamlakat hududiga yadroviy qurol olib kirish va uni joylashtirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. Mazkur o‘zgartishlar 1 iyuldan kuchga kirgan.