2026-yilning yanvar-iyun oylarida aholi o‘z xonadonlarida o‘rnatilgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tarmoqqa sotib, 330,8 mlrd so‘mdan ortiq daromad oldi, deb xabar berdi Soliq qo‘mitasi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 5,3 barobar ko‘p.

Qayd etilishicha, birinchi yarim yillikda 68,6 ming nafar jismoniy shaxs «Quyoshli xonadon» dasturi doirasida 330 mlrd 822 mln so‘m subsidiya olgan, shundan 100,7 milliardi mart oyiga to‘g‘ri keldi (66,1 ming nafar fuqaroga to‘langan).

2025-yilning birinchi yarmida 28,5 nafar fuqaro 63 mlrd 498 mln so‘m subsidiya olgandi. Shu tariqa, bir yil ichida subsidiya oluvchilar soni qariyb 2,4 barobarga, to‘langan mablag‘ hajmi esa 5,3 barobarga yaqinga oshgan.

Hududlar kesimida eng katta subsidiya hajmi Buxoro viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgan - 61,9 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Xorazm viloyati (60,5 mlrd so‘m) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (38,9 mlrd so‘m) qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2023-yil 1-apreldan «Quyoshli xonadon» dasturi joriy etilgan. Unga ko‘ra, umumiy quvvati 50 kilovatt-soatgacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga o‘z ehtiyojidan ortib, yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan har 1 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Masalan, oy davomida siz elektr tarmog‘idan 100 kilovatt-soat elektr energiyasi oldingiz, siz o‘rnatgan panellar esa aytaylik 500 kilovatt-soat tok ishlab chiqardi. Agar oy yakunlari bo‘yicha siz tarmoqqa uzatgan tok miqdori tarmoqdan olingan tok miqdoridan ko‘p bo‘lsa, ana shu o‘rtadagi ijobiy farqning har bir kilovatt-soati uchun davlat 1000 so‘mdan subsidiya to‘laydi. Pul «Soliq» ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25-kunigacha to‘lab berilishi shart.