Sportchi 31-iyul kuni Shvetsiyaning Kaseberga qishlog‘idan yo‘lga chiqqan va 2-avgust kuni kechqurun Polshaning Dzivnuv shahri sohiliga yetib kelgan. Bu uning Boltiq dengizini kesib o‘tishga bo‘lgan beshinchi urinishi bo‘lib, avvalgi barcha harakatlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi.

Kubkovskiy ikki sutkadan ortiq vaqt davomida tanaffus qilmasdan suzgan. U kuchli to‘lqinlar, shamol va sovuq suv sharoitiga qaramay, butun masofani bosib o‘tgan hamda qoidalarga muvofiq hamrohlik qilgan qayiqqa biror marta ham tegmagan.

Oziq-ovqat va ichimliklar unga hamrohlik qilgan qayiqdan maxsus uzun tayoqlar orqali uzatib turilgan. Sportchining jamoasi ma’lum qilishicha, ikkinchi kechada kuchli charchoq tufayli unda gallyutsinatsiyalar kuzatilgan. Shunga qaramay, u masofani to‘liq yakunlashga muvaffaq bo‘lgan.

Sohilga yetib kelganida Kubkovskiyni ko‘plab muxlislar kutib oldi. Uning bu natijasi Boltiq dengizini mazkur yo‘nalish bo‘yicha suzib kesib o‘tgan ilk inson sifatida tarixga kirdi.

Ultra Baltic Swim deb nomlangan ekstremal suzish aksiyasi nafaqat sport yutug‘i, balki xayriya maqsadlarini ham ko‘zlagan. Tadbir davomida saraton kasalligiga qarshi kurashuvchi Cancer Fighters jamg‘armasi uchun qariyb 185 ming yevro mablag‘ yig‘ildi.