Xitoyning «Sinxua» axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, navbatdagi partiya Xitoyning shimoli-g‘arbida joylashgan Uchjun shahridan O‘zbekistonga jo‘natildi.
Mahalliy hokimiyat organlari qayd etishicha, eksport qilinayotgan barcha qoramollar veterinariya-sanitariya talablariga to‘liq javob beradi. Har bir hayvon uchun dezinfeksiya va immunizatsiyadan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlar hamda karantin sertifikati rasmiylashtirilgan.
Uchjun shahar Qishloq xo‘jaligi va qishloq ishlari boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy sog‘in sigirlar yuqori mahsuldorligi va kuchli genetik salohiyati bilan ajralib turadi. Shuningdek, hududda epizootik kasalliklarning oldini olish bo‘yicha yuqori standartlar uzoq yillardan buyon amal qilib kelinmoqda.
Mutaxassislar fikricha, Uchjun va Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqlim sharoiti o‘xshash bo‘lgani bois, bu yerda parvarish qilingan sog‘in sigirlar O‘zbekiston sharoitiga tezroq moslashadi.










