6-avgust kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanida, xalq orasida «Izza» bozori nomi bilan mashhur bo‘lgan savdo majmuasida yirik yong‘in chiqdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda alanga qisqa fursatda mebel do‘konlarini qamrab olgani aks etgan, hududda ko‘tarilgan quyuq tutun shaharning olis nuqtalaridan ham ko‘ringan.

FVV matbuot xizmatiga ko‘ra, Zangiota tumani Tokzor mahallasi hududidagi do‘konlardan birida chiqqan yong‘in haqidagi ma’lumot boshqarmaga soat 12:29 da kelib tushgan. Qutqaruv ekipajlari voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan.

Yong‘in 1,5 soatdan ko‘proq vaqt davomida o‘chirilgan.

FVV yong‘in oqibatida do‘konlarning 400 metr kvadrat maydoni yonib ketganini ma’lum qildi.

Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.

Hozirda yong‘in kelib chiqish sababi va zarar miqdori aniqlanmoqda.