Markaziy bank 2026-yil II chorak yakunida banklar faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega 10 ta bank nomini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, joriy yil II chorak davomida Markaziy bankka to‘g‘ridan-to‘g‘ri va boshqa davlat organlari orqali banklar faoliyati yuzasidan 11 331 ta murojaat kelib tushgan.
Ro‘yxatda 4,42 indeks bilan Avo Bank yetakchi bo‘lgan. Undan keyingi o‘rinlarda Biznesni rivojlantirish banki (2,78) va Mikrokreditbank (2,69) joylashgan.
Ma’lumot berilishicha, mazkur indeks bankning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamaydi. U faqat mijozlar soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi. Chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks hisoblanmaydi.
Markaziy bankning ta’kidlashicha, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi:
mijozlarga bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha yetarli tushuntirish berish;
murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob taqdim etish;
takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish;
mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish.
Banklarga ko‘rib chiqish uchun kelib tushgan murojaatlar sabablarini chuqur tahlil qilish, ularni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish hamda mijozlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni kuchaytirish tavsiya etildi.











