Volodimir Zelenskiy 7-avgust oqshomida Belgradda Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich bilan kechki ovqat chog‘ida uchrashdi. Bu Ukraina rahbarining 2022-yilda Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin Serbiyaga amalga oshirgan ilk tashrifi hisoblanadi.
Zelenskiy uchrashuvdan so‘ng ijtimoiy tarmoqda «Serbiyada ikki tomonlama muloqotni boshladik», deya qisqacha izoh qoldirdi. Uchrashuv mazmuni yoki erishilgan natijalar haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmadi.
Aleksandr Vuchich esa tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish va o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, energetika sohasidagi hamkorlik, xavfsizlik hamda Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar masalalari muhokama qilinadi.
Serbiya prezidenti matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, davlat rahbarlarining rasmiy muzokaralari 8-avgust kuni Belgraddagi Prezident saroyida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv yakunida ikki prezident ommaviy axborot vositalari vakillari uchun qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Zelenskiy tashrif davomida Serbiya bosh vaziri Juro Matsut bilan ham uchrashadi.
Serbiya Yevropa mamlakatlari orasida Rossiya bilan eng yaqin munosabatlarni saqlab qolayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Belgrad 2022-yilda urush boshlanganidan keyin Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy etmagan va energetika sohasida Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirmoqda. Shu bois Yevropa Ittifoqi Serbiyaning Rossiya bilan yaqin aloqalari mamlakatning YeIga a’zo bo‘lish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini bir necha bor ta’kidlagan.
Prezident Aleksandr Vuchich 2022-yildan buyon kamida ikki marta Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan shaxsan uchrashgan. Xususan, u 2025-yil 9-may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan G‘alaba paradida ishtirok etgan edi.
Zelenskiy va Vuchich esa 2022-yil 24-fevraldan keyin uch marta shaxsan uchrashgan. Ular 2023-yilda Kishinyov va Afinada, 2025-yilda esa Odessada o‘tgan «Ukraina – Janubi-Sharqiy Yevropa» sammiti doirasida muzokaralar o‘tkazgan.
AFP agentligining yuqori lavozimli ukrainalik manbasiga ko‘ra, Zelenskiyning Belgradga tashrifi Rossiya uchun muhim siyosiy signal sifatida baholanmoqda.












