Minimal kompaniyasi jismoniy QWERTY klaviaturasiga ega ikkinchi avlod Minimal Phone 2 antismartfonini taqdim etdi. Yangi qurilma, jumladan, 1240×1080 pikselli, 90 Gs yangilanish chastotasiga ega 3,92 dyuymli OLED ekranga ega bo‘ldi - u E-Ink displeyining o‘rnini egalladi. Korpusi esa shisha va metalldan ishlangan - birinchi versiyaniki plastik edi.

Minimal Phone 2 - raqamli qaramlikni kamaytirish uchun yaratilgan smartfon. U minimalistik yondashuv tufayli cheksiz skrolling, videolar va ko‘ngilochar mashg‘ulotlarni kamroq jozibador qilib qo‘yadi. G‘oya oddiy: telefon foydalanuvchining diqqatini doimiy jalb qilib turmasdan, muloqot qilishga va vazifalarni hal etishga yordam berishi kerak.

Android’ning maxsus qobig‘i bo‘lgan Minimal OS’da o‘z-o‘zini cheklashning beshta varianti ko‘zda tutilgan: ekranni kulrang tusga o‘tkazish, ilovalarni ochishdagi kechikish, ijtimoiy tarmoqlarni bloklash, kunlik ekran vaqti chegarasi va “diqqatni jamlash soatlari”. Muhim bir jihati bor: agar foydalanuvchi o‘rnatilgan cheklovlardan birortasini bekor qilmoqchi bo‘lsa, smartfonni zavod sozlamalariga qaytarishi kerak bo‘ladi. Kompaniya bu yondashuvni qurilmaning asosiy xususiyatlaridan biri deb biladi.

Shu bilan birga, Minimal cheklovlardan voz kechishning yanada keskin usuliga to‘sqinlik qilmaydi. Ishlab chiqaruvchi yuklagichni blokdan chiqarish va boshqa proshivkalarni o‘rnatishni rasman taqiqlamaslikka va’da bermoqda.

Biroq boshqa proshivka o‘rnatilsa, egasi Minimal OS’ning muhim funksiyalaridan biri - “matnli interfeys”dan mahrum bo‘ladi. Uning yordamida buyruqlarni klaviatura orqali bosh ekrandan kiritish mumkin. Masalan, “non sotib ol” jumlasi tegishli ilovada vazifa yaratadi. Shu tarzda SMS yuborish, taqvimga qaydlar kiritish va eslatmalar yaratish, qo‘ng‘iroq qilish, ilovalarni qidirish hamda sun’iy intellekt yordamchisi bilan muloqot qilish mumkin.

Qurilma samaradorligi uchun 8 GB LPDDR5X tezkor xotiraga ega MediaTek Dimensity 8300 protsessori mas’ul. Ichki xotira sig‘imi - UFS standartidagi 256 yoki 512 GB. Shuningdek, 50 megapikselli asosiy kamera, 20 megapikselli old kamera, 3000 mA·soat sig‘imli akkumulyator hamda 27 Vt quvvatli simli va 15 Vt quvvatli simsiz Qi zaryadlash texnologiyasi mavjudligi ma’lum qilingan. Qo‘shimcha imkoniyatlar qatoriga 5G, Wi-Fi 6E, Bluetooth 5.4, GPS, NFC, yondagi barmoq izi skaneri, stereodinamiklar va quloqchin uchun 3,5 millimetrli ulagich kiradi.

Minimal Phone 2 “oniks” va “marvarid” ranglarida sotuvga chiqarilgan. Oldindan buyurtma beruvchilar uchun esa eksklyuziv to‘q sariq rangdagi versiya mavjud. 256 GB xotirali versiya 599 dollar, 512 GB xotiralisi esa 699 dollar turadi. Eksklyuziv to‘q sariq rangdagi model esa 899 dollarga baholangan.