Dunyodagi eng keksa amaldagi davlat rahbari bo‘lgan Kamerun prezidenti Pol Biya ikki oydan beri mamlakat tashqarisida bo‘lib turibdi, bu esa uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq savollarni keltirib chiqardi. Bu haqda ABC News xabar bermoqda.

1982-yildan beri Kamerunni boshqarib kelayotgan 93 yoshli Biya 7-iyun kuni mamlakatni tark etdi. O‘shanda uning idorasi prezident Yevropaga «qisqa shaxsiy tashrif» bilan ketganini ma’lum qilgandi. Biroq safar cho‘zilib ketdi va davlat rahbarining xorijdagi eng uzoq davom etgan safarlaridan biriga aylandi.

Nashrning xabar berishicha, Biyaning sog‘lig‘i ko‘p yillardan beri taxminlar mavzusi bo‘lib kelmoqda. Prezident muntazam ravishda Yevropada, xususan, Fransiya va Shveysariyada uzoq vaqt o‘tkazadi, Kamerunda esa boshqaruv vazifalarining bir qismini aslida uning partiyasi vakillari va oila a’zolari bajaradi.

Kamerun konstitutsiyasi prezidentga mamlakatni uzoq muddatga tark etishni taqiqlamaydi. Shu bilan birga, mamlakatda vitse-prezident lavozimi mavjud emas. Shu sababli muxolifat vaziyatni mamlakatni «avtopilot»da boshqarish deb baholamoqda.

Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida ikkinchi o‘rinni egallagan va ilgari Biyaning ittifoqchisi bo‘lgan muxolifat yetakchisi Issa Tchiroma Bakari aholi orasida prezidentning sog‘lig‘i «yaxshi emas» degan fikr tarqalganini aytdi. U, shuningdek, davlat rahbarining Shveysariyada uzoq vaqt qolishini tanqid qildi.

Xabar mualliflari Biyaning deyarli yarim asrlik hukmronligi noaniq meros qoldirganini eslatadi. Mamlakat shimolida «Boko Haram» guruhi faoliyat yuritmoqda, g‘arbiy hududlarda separatistik mojaro davom etmoqda, iqtisodiy turg‘unlik esa yoshlarning katta qismining hafsalasini pir qilmoqda.

Biya 1960-yildan 1982-yilgacha mamlakatni boshqargan Kamerunning birinchi prezidenti Ahmad Axijo iste’foga chiqqanidan keyin hokimiyatga keldi. 2008-yilda konstitutsiyaga kiritilgan tuzatish prezidentlik muddatlari cheklovini bekor qildi, bu esa Biyaga o‘nlab yillar davomida hokimiyatda qolish imkonini berdi.

Hozir u Kamerunni mamlakat fuqarolarining aksariyati yashaganidan ko‘ra uzoqroq boshqarmoqda: Kamerunning 30 millionga yaqin aholisining 70 foizdan ortig‘i 35 yoshdan kichik. Agar Biya hozirgi muddati tugagunga qadar lavozimida qolsa, deyarli 100 yoshida prezidentlik kursisini tark etadi.