Donald Tramp prezidentlikka qayta saylangandan beri uning jamoasida matbuot kotibi sifatida ishlab kelayotgan va Oq uy tarixida bu lavozimni egallagan eng yosh kadr Kerolayn Levit avgust oxirida faoliyatiga nuqta qo‘yishini e’lon qildi.

Prezident Tramp ham o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida buni tasdiqlab, Kerolayn bundan buyog‘iga vaqtini ko‘proq farzandlari va oilasi bilan o‘tkazishini yozdi. Shuningdek, Kerolayn hammasini yaxshi qilgani, uning ishidan minnatdorligini qo‘shimcha qildi.

"Kerolayn endi mening eng yaxshi tashqi maslahatchilarimdan biri va Respublikachilar partiyasi ichidagi ta’sirli ovoz bo‘ladi, chunki biz tarixga qarshi chiqish va oraliq saylovlarda qat’iy g‘alaba qozonish uchun ishlaymiz", deb yozdi Tramp Truth Social sahifasida .

Levit esa Oq uy nomidan gapirish imkonini bergani uchun prezidentga rahmat aytdi. Ushbu lavozim uning uchun sharaf va sarguzasht bo‘lgani, ammo may oyida farzand ko‘rgani bois miyasida yaxshi ona bo‘lolmayotgani aylanayotganini qo‘shimcha qildi. Oq uy matbuot kotibi bo‘lish esa tinimsiz mehnat, harakat, kuch va e’tibor talab qiladi, deydi u.

Trampning eng ishongan mulozimlaridan biri oraliq saylovlarga 3 oy qolganida lavozimini tark etmoqda. Kerolayn Levit media ichida Tramp g‘oyalari qattiq himoyachisi, MAGA propagandachilaridan edi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oxirida AQSh Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard, mart oyida esa ichki xavfsizlik departamenti rahbari Kristi Noem, aprelda AQSh bosh prokurori Pam Bondi iste’fo bergandi.