«Yevrovideniye» tashkilotchisi - Yevropa teleradioeshittirish ittifoqi (EBU) 12-avgust kuni xalqaro qo‘shiq tanlovi qoidalari yangilanganini ma’lum qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, «Yevrovideniye»da g‘olib chiqqan davlat odatdagidek keyingi tanlovni o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritadi. Biroq ushbu mamlakat yoki unga bevosita tutash hududda qurolli mojaro yoxud murakkab geosiyosiy vaziyat xavfsizlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa, mezbonlik huquqi avtomatik tarzda kafolatlanmaydi.

Zarurat tug‘ilganda EBU g‘olib davlat joylashgan hududdagi xavfsizlik darajasini mustaqil baholashni tashkil qilishi mumkin.

Baholash natijalaridan so‘ng EBU «Yevrovideniye»ning ijroiya organi hisoblangan Referent guruh bilan birgalikda g‘olib mamlakat teleradiokompaniyasi tanlovni xavfsiz sharoitda o‘tkaza olish yoki olmasligini hal qiladi.

Agar mezbon teleradiokompaniya xavfsiz tanlov o‘tkazish imkoniyatiga ega emas, degan xulosaga kelinsa, EBU «Yevrovideniye»ni tashkil qilish uchun boshqa teleradiokompaniyani tanlaydi.

Ukraina misolida bu tartib amalda qo‘llangan

Aslida bunday yondashuv avval ham amaliyotda qo‘llangan. 2022-yilda Ukraina «Yevrovideniye» g‘olibi bo‘lgan, ammo Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi sabab 2023-yilgi tanlovni Ukrainada o‘tkazish imkoni bo‘lmagan.

Natijada «Yevrovideniye-2023» Buyuk Britaniyada tashkil etilgan. Ya’ni xavfsizlik sabab g‘olib mamlakatdan mezbonlik huquqini boshqa davlatga o‘tkazish amaliyoti mavjud edi, ammo endi bu qoida rasman tanlov nizomiga kiritildi.

2026-yilgi «Yevrovideniye»da esa Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashgan bir paytda Isroil vakili ikkinchi o‘rinni egallagan.

Asosiy vokal jonli ijro etilishi shart

EBU tanlovda fonogramma va oldindan yozib olingan ovozlardan foydalanish qoidalariga ham aniqlik kiritdi.

Yangi talablarga muvofiq, asosiy xonanda yoki xonandalar o‘z partiyasini jonli ijro etishi shart. Fonogramma va oldindan yozib olingan ayrim elementlardan belgilangan qoidalar doirasida foydalanishga ruxsat beriladi.

Biroq bunday yozuvlar asosiy jonli vokal o‘rnini bosishi yoki uni haddan tashqari kuchaytirishi mumkin emas. Asosiy melodiyani ijro etadigan vokal jonli bo‘lib qolishi kerak.