Reuters agentligining 14-avgustga o‘tar kechasi xabar berishicha, Cl0p dasturiy ta’minotdagi zaifliklardan foydalanib, bir vaqtning o‘zida ko‘plab nishonlarga kiberhujumlar uyushtirish usuli bilan tanilgan.
Hakerlar bu gal ham qariyb 50 ta kompaniya tizimlaridan katta hajmdagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritganini da’vo qilmoqda. Ro‘yxatda Niderlandiyaning Philips, Britaniyaning Shell, AQShning Fiserv va General Electric kompaniyalari ham qayd etilgan.
Kompaniyalar esa hakerlarning bayonotiga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirdi.
Philips kompaniyasi ma’lum qilishicha, ichki ma’lumotlar bilan bog‘liq muayyan korporativ serverda kibertahdidga urinish aniqlangan va uning tarqalishi cheklangan. Kompaniyaga ko‘ra, ushbu hodisa mijozlar foydalanadigan tizimlarga ta’sir ko‘rsatmagan.
Fiserv vakili ham kompaniya hakerlar tarqatgan ma’lumotlardan xabardor ekanini bildirgan. Biroq o‘tkazilgan keng qamrovli tekshiruv davomida mijozlar ma’lumotlari, bank hisobvaraqlari, tranzaksiyalar yoki shaxsiy ma’lumotlar buzilganini tasdiqlovchi dalillar topilmagan. Shuningdek, hodisa kompaniyaning operatsion muhitiga ta’sir ko‘rsatgani ham aniqlanmagan.
Reuters Cl0p guruhining aynan qanday ma’lumotlar o‘g‘irlangani va ularning hajmiga oid da’volarini mustaqil ravishda tasdiqlay olmagan. Hakerlar ham agentlikning izoh so‘rab yuborgan murojaatiga javob bermagan.
Ayrim ommaviy axborot vositalari, jumladan Politico, Cl0p guruhini rus tilida so‘zlashuvchi hakerlar guruhi sifatida ta’riflaydi va uni Rossiya bilan bog‘laydi.
Rossiya bilan bog‘lanayotgan kibertahdidlar
So‘nggi oylarda Rossiya bilan aloqador deb ko‘rsatilayotgan hakerlik guruhlari bir necha bor xalqaro axborot maydonida tilga olindi.
Xususan, mart oyida Niderlandiya razvedka xizmatlari rossiyalik kiberjinoyatchilar Signal va WhatsApp messenjerlariga qarshi hujumlar uyushtirgani haqida xabar bergan edi. Rasmiylarga ko‘ra, bunday hujumlar natijasida mamlakat amaldorlari, harbiy xizmatchilari va jurnalistlariga tegishli maxfiy ma’lumotlarga kirish imkoni paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Aprel oyida esa Germaniya va AQSh maxsus xizmatlari turli mamlakatlardagi davlat muassasalarida foydalaniladigan routerlarga qarshi kiberhujumlar haqida ogohlantirdi. Ushbu hujumlar Fancy Bear nomi bilan tanilgan va Rossiya harbiy razvedkasi bilan bog‘lanadigan hakerlik guruhiga nisbat berilgan.
5-iyul kuni Britaniyaning The Telegraph nashri Rossiya bilan bog‘lanayotgan hakerlar Buyuk Britaniya davlat xizmatchilari hamda muhim infratuzilma korxonalari xodimlarining elektron pochta manzillarini buzib kirgani haqida yozdi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga kiritilgan axborot keyinchalik darknetda sotuvga qo‘yilgan.
Iyul oyida Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bilan bog‘liq deb hisoblangan ayrim hakerlarga nisbatan sanksiyalar joriy etgan edi.
Cl0p guruhining qariyb 50 ta xalqaro kompaniya ma’lumotlarini o‘g‘irlagani haqidagi so‘nggi da’vosi esa yirik korporatsiyalarga qarshi ommaviy kiberhujumlar xavfi saqlanib qolayotganini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Ayni paytda hakerlarning ma’lumotlar hajmi va mazmuniga doir bayonotlari mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangani yo‘q.











