Ish haftasi davomida O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.
Aksariyat viloyatlarda kunduzgi havo harorati +33…+38 daraja atrofida, janubda ba’zi joylarda +40…+43 darajagacha bo‘ladi. Harorat kechalari +18…+23 daraja bo‘lishi kuzatiladi.
Respublika shimoli-g‘arbiy hududlarida 17–19-avgust kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Shamol 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13−18 metr/soniyagacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi. Shimolda 21-avgust kuni shamol kuchayishi 22−25 metr/soniyaga yetadi.
Toshkent shahrida havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarilik kutilmaydi. Havo harorati dushanba kunduzi +35 daraja atrofida, keyinchalik ish haftasi oxirigacha kechalari +20…+23 daraja, kunduz kunlari +35…+38 daraja bo‘ladi.
Shamol sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 10−14 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.









