Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt Leypsig aeroportida aniqlangan dron ortida kim turgani haqida federal hukumat hozircha qat’iy xulosa chiqara olmasligini ma’lum qildi.
U bu haqda 19-avgust kuni Tyuringiyaga safari davomida jurnalistlarga gapirdi.
Dobrindtning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Germaniya hukumati hodisaga bir tomonlama baho berish uchun yetarli tasdiqlangan ma’lumot va asoslarga ega emas.
«Rossiya o‘zining hozirgi xatti-harakatlari bilan unga nisbatan shubhalar paydo bo‘lishini ancha osonlashtirmoqda. Biroq ayni paytda buni isbotlash nihoyatda qiyin», - dedi Germaniya ichki ishlar vaziri.
Uning ta’kidlashicha, Leypsigda topilgan dron ortida kim turgani aniqlanganidan keyin ehtimoliy javob choralari bo‘yicha qaror qabul qilinadi. Bu masala mudofaa vaziri Boris Pistorius, tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful va kansler Fridrix Mers ishtirokida muhokama qilinishi kutilmoqda.
Ayni paytda Germaniya maxsus xizmatlari ishtirokida hodisa yuzasidan tergov «maksimal darajada jadal» olib borilmoqda.
Dobrindt Leypsigdagi voqeani alohida bir hodisa sifatida baholamasligini ham bildirdi. Uning fikricha, bunday harakatlar Germaniyani siyosiy va ijtimoiy jihatdan beqarorlashtirishga qaratilgan yangi turdagi gibrid tahdidlarning bir qismi bo‘lishi mumkin.
Dron ukrain samolyoti yaqinidan topilgan
5-avgustga o‘tar kechasi Leypsig-Galle aeroportida ukrain yuk samolyoti yaqinidan kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan uchuvchisiz apparat aniqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, dron portlovchi modda va detonator bilan jihozlangan.
Apparatning qayerdan kelgani va kimga tegishli ekani hozircha aniqlanmagan. Biroq AQSh razvedkasi dron Rossiya hukumati bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimolini ilgari surgan.
Tergovchilar e’tiborini tortgan jihatlardan biri - apparatning yuqori professional darajada tayyorlangani. Ma’lumotlarga ko‘ra, dron oddiy do‘kondan xarid qilinmagan, balki maxsus maqsad uchun yasalgan. Uning tuzilishi hujumga tayyorgarlik tasodifiy jinoyatchilar yoki havaskorlar tomonidan amalga oshirilmagan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, dron Semtex turidagi kuchli portlovchi modda bilan jihozlangan. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, undagi portlovchi modda samolyotga jiddiy zarar yetkazish, hatto uni portlatib yuborish uchun yetarli bo‘lishi mumkin edi.
Die Zeit ma’lumotiga ko‘ra, Semtex qora bozorda ham uchrab turadi, biroq bu turdagi portlovchi modda ko‘proq harbiy maqsadlarda qo‘llanadi.
Shu sababli tergovchilar ko‘rib chiqayotgan asosiy versiyalardan biri - ehtimoliy hujumga tayyorgarlikda muayyan davlatga aloqador tuzilma ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligi. Hozircha Germaniya rasmiylari bu versiyani biror davlatga bog‘lash uchun yetarli dalillar mavjud emasligini ta’kidlamoqda.









