Bu haqda 26-avgust kuni Ukraina va Rossiya tashqi ishlar vazirliklari maʼlum qildi.
Ukraina TIV maʼlumotiga koʻra, tabiiy ofat hududida boʻlgan 46 nafar Ukraina fuqarosidan iborat sayyohlar guruhi bilan ertalab aloqa uzilgani haqida vazirlikka murojaat kelib tushgan.
Nepal sayyohlik politsiyasi maʼlumotlariga koʻra, tabiiy ofat natijasida hozirga qadar jami 53 nafar Ukraina fuqarosi bedarak yoʻqolgan deb hisoblanmoqda. Ukraina TIV hozircha halok boʻlganlar yoki jabrlanganlar orasida mamlakat fuqarolari bor-yoʻqligi haqida maʼlumotga ega emas.
Rossiya TIV esa ofat hududida boʻlgan «kamida toʻrt nafar» Rossiya fuqarosi bilan aloqa oʻrnatishning iloji boʻlmayotganini maʼlum qilgan. Yana sakkiz nafar rossiyalik xavfli hududda boʻlgan, biroq ular boshqa aholi punktiga xavfsiz yetib olgan.
Nepal politsiyasining soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda suv toshqini qurbonlari soni 157 nafarga yetgan. Reuters maʼlumotiga koʻra, Nepal bilan chegaradosh Xitoyning Tibet hududida yana uch kishi halok boʻlgan. Shu tariqa, qurbonlarning umumiy soni 160 nafarga yetgan.
Nepal Turizm vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 403 nafar sayyoh bedarak yoʻqolgan deb hisoblanmoqda. Ularning 340 nafari xorijiy fuqarolardir.
Aloqa oʻrnatib boʻlmayotgan xorijlik sayyohlar orasida eng koʻpi Hindiston fuqarolari - 133 nafar. Bundan tashqari, bedarak yoʻqolganlar orasida Ukraina va Rossiya fuqarolaridan tashqari AQSH, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Kanada va boshqa mamlakatlar fuqarolari ham bor.
Xitoy rasmiylari esa Tibet hududida 265 kishi bedarak yoʻqolgan deb hisoblanayotganini maʼlum qilgan.
Kuchli suv toshqini ertalab boshlangan. Ofatning aniq sababi hozircha maʼlum emas.
Nepal tashqi ishlar vaziri Shishira Xanal keltirgan dastlabki maʼlumotlarga koʻra, suv toshqini koʻchki oqibatida yuzaga kelgan boʻlishi mumkin. Taxminlarga koʻra, yer silkinishidan keyin katta miqdordagi loy va tosh massasi qulagan va bu Bxote-Koshi daryosining oʻzanidan chiqishiga sabab boʻlgan.
Tabiiy ofat katta moddiy zarar ham yetkazgan. Suv toshqini oqibatida turar joylar, avtomobil yoʻllari va mamlakat energetika infratuzilmasi obyektlari vayron boʻlgan.






