Sumi viloyatida Romni hududiy jamoasi hujumga uchragan. Viloyat harbiy maʼmuriyati rahbari Oleg Grigorovning maʼlum qilishicha, turar joy binosiga zarba berilishi oqibatida 66 yoshli ayol halok boʻlgan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hududga toʻqqizta uchuvchisiz uchish apparati bilan hujum qilingan. Ularning bir qismi urib tushirilgan, biroq fuqarolik infratuzilmasi obyektlariga zarbalar qayd etilgan. Hujumdan keyin toʻrt kishi tibbiy yordam soʻrab murojaat qilgan.
Zaporijjyada ham hujum oqibatida jabrlanganlar bor. Viloyat harbiy maʼmuriyati rahbari Ivan Fedorovning bildirishicha, ikki nafar erkak va bir nafar ayol jarohatlangan.
Zarba natijasida avtomobil va bir nechta bino shikastlangan, shuningdek, yongʻin kelib chiqqan.
Kriviy Rixda esa raketa zarbasi natijasida sanoat korxonasiga zarar yetgan. Shahar meri Aleksandr Vilkulning maʼlum qilishicha, ikki kishi jarohatlangan, ularning ahvoli ogʻir emas.
Tun davomida Ukraina poytaxti Kiyev ham hujumga uchragan. Kiyev shahar harbiy maʼmuriyati maʼlumotlariga koʻra, havo hujumi oqibatidagi parchalar ikki joyga - Podolskiy tumanidagi turar joy binosi hovlisiga va Shevchenko tumanidagi taʼlim muassasasi hududiga tushgan.
Bundan avval Kiyevda ballistik raketa va dronlar xavfi sabab havo trevogasi eʼlon qilingan edi.
Xarkivda esa dron turar joy binosining toʻrtinchi qavatidagi balkonga kelib urilgan. Xarkiv viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Oleg Sinegubovning maʼlum qilishicha, hodisa oqibatida 30 yoshli erkakda kuchli stress reaksiyasi kuzatilgan.
Poltava viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Vitaliy Dyakivnich ham hududga hujum qilinganini maʼlum qilgan. Biroq u zarbalarning xususiyati va ularning oqibatlari haqida qoʻshimcha maʼlumot keltirmagan.
Mahalliy hokimiyatlar hujumlar oqibatlarini aniqlash va zarar koʻrgan obyektlarda tegishli xizmatlar ishini davom ettirayotganini bildirgan.







