Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Hoʻrmuz boʻgʻozida AQSH va Eron oʻrtasidagi toʻqnashuvlar dengiz tashuvlariga taʼsir qilmoqda, AQSH vakillari Moskva va Kiyevga borib, Ukraina urushi boʻyicha muzokaralarni qayta jonlantirishga urindi. Indoneziyada esa Anak-Krakatau vulqoni otilishi sabab oʻn minglab yoʻlovchilar parvozlari bekor qilindi.

Moskva va Kiyevdagi muzokaralar

Ukrainadagi urush boʻyicha diplomatik harakatlar tiklandi. AQSH prezidenti maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner avval Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uch soatdan ortiq muzokara oʻtkazdi, keyin esa Kiyevga borib, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ham uchrashdi.

Bu fonda tomonlar uch kunga havo zarbalari toʻxtatilishini maʼlum qildi.

Moskvadagi uchrashuvda AQSH vakillari Ukraina boʻyicha bir qator takliflarni ilgari surgan. Biroq hozircha tomonlar oʻrtasida jiddiy kelishuvga erishilgani haqida maʼlumot yoʻq. Reuters agentligi muzokaralardan keyin ham asosiy masalalar boʻyicha kelishmovchiliklar saqlanib qolayotganini xabar qildi. Xususan, Rossiya rahbariyati hamon jang maydonidagi ustunligini hisobga olishni talab qilmoqda va «mojaroning birlamchi sabablari» bartaraf etilishini xohlamoqda.

Kiyevdagi muzokaralarda Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya vakillari ham ishtirok etgan.

Shunga qaramay, Vashington ikki poytaxtdagi uchrashuvlardan soʻng Rossiya va Ukraina oʻrtasida yangi muzokaralar oʻtkazish imkoniyati paydo boʻlganini bildirmoqda.

Uch bosqichli muzokaralardan keyin tomonlar urush kamida qishgacha davom etishini tan oldi. Xususan, Zelenskiy «urush baribir qishgacha davom etadigan boʻlsa», Amerika va Yevropa yordamiga umid qilishini bildirgan. Oʻz navbatida, Trampning elchilari Zelenskiy va uning jamoasiga qishgacha tinchlik muzokaralarida oldinga siljishga erishish mumkinligini aytgan.

AQSH Eron tankerlariga hujum qilmoqda

Hoʻrmuz boʻgʻozida AQSH va Eron oʻrtasidagi keskinlik kuchaymoqda. AQSH harbiylari Eronning uchta neft tashuvchi tankerini nishonga olganini maʼlum qildi. Bu Eron tomonidan AQSH harbiy kemalariga raketa hujumlari uyushtirilganidan keyin amalga oshirilgani aytilgan. Oʻz navbatida, Eron ham Amerikaning boʻgʻozdagi bir necha tankerga hujum qilganini bildirgan.