• Kiyevda Ukraina rahbariyati va Yevropadagi ittifoqchilarning Donald Trampning maxsus elchilari Stiv Uitkoff va Jared Kushner boshchiligidagi AQSH rasmiy delegatsiyasi bilan uch bosqichli muzokaralari boʻlib oʻtdi. Uchrashuvlar chogʻida urushni tugatish, qishda qilinajak yordam va xavfsizlik kafolatlari muhokama qilindi, dedi Volodimir Zelenskiy. Muzokaralarda Yevropadan Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniya vakillari ishtirok etgan.
  • Tomonlar urush qishgacha tugamasligini tan olishgan. Zelenskiy «urush baribir qishgacha davom etadigan boʻlsa», Amerika va Yevropa yordamiga umid qilishini bildirgan. Oʻz navbatida, Trampning elchilari Zelenskiy va uning jamoasiga qishgacha tinchlik muzokaralarida oldinga siljishga erishish mumkinligini aytishgan.
  • AQSH yarim yil oldin boʻlib oʻtgan uch tomonlama muzokaralar formatiga qaytmoqchi. Ukraina, Rossiya va AQSH delegatsiyalari ishtirokida navbatdagi uch tomonlama uchrashuv haqida «yaqin vaqt ichida» eʼlon qilinishi mumkin, deya umid bildirdi Uitkoff. «Oʻylaymanki, biz Moskvada sezilarli yutuqlarga erishdik. Yangi gʻoyalarni eshitdik», – deya qoʻshimcha qildi u. «Prezident Tramp va Stiv [Uitkoff] bilan birgalikdagi vazifamiz – „tinchlik paketi“ni yaratishdir», – dedi Kushner. Uning soʻzlariga koʻra, AQSH prezidenti eʼtiborni «uzoq muddatli tinchlik qurish mumkin boʻlgan asoslarni yaratish»ga qaratgan.
  • Zelenskiy Ukraina jang maydonidagi pozitsiyalarini kuchaytirgani, bu unga kelajakdagi muhokamalarning har qanday formatida ishonchliroq boʻlish imkonini berishini aytgan. U uch tomonlama uchrashuvlar boʻlib oʻtishi uchun hamma narsani qilish kerakligini taʼkidlagan. «Koʻramiz, Rossiya nimaga koʻnarkan», – deya qoʻshimcha qildi u.
  • FT manbalariga koʻra, Trampning elchilari Kiyevga «oʻzgargan vaziyatlarni hisobga olgan holda» avvalgi hujjatlarning qayta ishlangan «yangilangan versiyalari»ni olib kelishgan. Biroq, yangi gʻoyalar kam, asosiy masala esa Donbass ustidan nazorat boʻlib qolmoqda. Zelenskiy ham uni tinchlik muzokaralaridagi asosiy nuqtalardan biri deb atadi. «Bu faqatgina Donbass masalasi emas. Men buni urush masalasi, deb hisoblayman», – dedi u.
  • Uitkoff safarni «ajoyib» deb atagan. Uning soʻzlariga koʻra, Amerika delegatsiyasi Kiyev va Moskvadagi muzokaralar natijalaridan «katta qoniqish hosil qilgan». Zelenskiy Uitkoff va Kushnerning Ukrainaga tashrifini «muhim va sermahsul» deb atadi. «Bugun poytaxtda boʻlgan fuqarolarimiz uchun Patriot tizimlaridan ham yaxshiroq ishladingiz. Tez-tez kelib turing va bu odamlarimizga jon saqlash imkoniyatini beradi», – degan u.