Vazirlar Mahkamasi «Geografik koʻrsatkich va tovar kelib chiqqan joy nomi ogohlantiruvchi tamgʻalarining shakllarini va tavsiflarini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qarorni qabul qildi. Hujjat «Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida»gi qonun hamda intellektual mulk sohasidagi chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qarorga muvofiq, guvohnoma egasi geografik koʻrsatkich bilan bir qatorda tovarda yoki uning oʻrovida ushbu belgi Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtkazilgan geografik koʻrsatkich ekanini bildiruvchi maxsus ogohlantiruvchi tamgʻadan foydalanishi mumkin.
Shuningdek, tovarda yoki uning oʻrovida qoʻllanilgan belgi Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtkazilgan geografik koʻrsatkich ekanini bildiruvchi ogohlantiruvchi tamgʻaning shaklini tasdiqlash belgilangan.
Hujjat bilan ikki xil maxsus belgi - geografik koʻrsatkich ogohlantiruvchi tamgʻasi hamda tovar kelib chiqqan joy nomi ogohlantiruvchi tamgʻasining shakli va tavsifi tasdiqlandi. Tamgʻalar Oʻzbekiston hududiga taalluqli geografik koʻrsatkich va tovar kelib chiqqan joy nomiga nisbatan qoʻllaniladi hamda qonunda belgilangan tartibda foydalaniladi.
Qaror ilovasida tamgʻalarning rangli va oq-qora variantlari ham keltirilgan. Xususan, geografik koʻrsatkich tamgʻasi yashil doira shaklida boʻlib, markazida Oʻzbekiston xaritasi joylashtirilgan. Uning yuqori qismida MUHOFAZALANGAN GEOGRAFIK KOʻRSATKICH, pastki qismida esa ingliz tilida PROTECTED GEOGRAPHICAL INDICATION yozuvi aks etadi. Xarita ustida GEOGRAPHICAL INDICATION iborasining qisqartmasi - GI belgisi, pastki qismida esa UZBEKISTAN yozuvi joylashtirilgan. Hujjatning 3–4-sahifalarida ushbu tamgʻaning tashqi koʻrinishi va batafsil tavsifi berilgan.
Tovar kelib chiqqan joy nomi uchun tamgʻa esa havorang doira shaklida ishlangan. Unda MUHOFAZALANGAN TOVAR KELIB CHIQQAN JOY NOMI va ingliz tilida PROTECTED APPELLATION OF ORIGIN yozuvlari mavjud. Markazda Oʻzbekiston xaritasi, uning yuqori qismida esa APPELLATION OF ORIGIN iborasining qisqartmasi - AO harflari aks ettirilgan. Pastki qismida UZBEKISTAN yozuvi joylashtirilgan. Ushbu tamgʻaning rangli va oq-qora shakllari qarorning 5-sahifasida, batafsil tavsifi esa 6-sahifasida keltirilgan.
Qarorga koʻra, ogohlantiruvchi tamgʻalardan foydalanishda ularning shakli, oʻlchamlari qatʼiy nazar, tasdiqlangan rangli yoki oq-qora koʻrinishga mos boʻlishi shart.
Shu bilan birga, Adliya vazirligiga bir oy muddatda Intellektual mulk muhofazasi portali orqali geografik koʻrsatkich va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqiga ega boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida eʼlon qilib borish tizimini yoʻlga qoʻyish vazifasi yuklatildi. Vazirlik, shuningdek, tasdiqlangan ogohlantiruvchi tamgʻalardan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanilishi ustidan nazorat olib boradi.















