“Aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun 9-sentabr kuni qabul qilindi.

Hujjatga koʻra, odamni sezilarli darajada bezovta qilmaydigan, inson organizmining funksional tizimlari va shovqinga sezgir aʼzolarida jiddiy oʻzgarishlarga olib kelmaydigan shovqin miqdori yoʻl qoʻyiladigan daraja hisoblanadi. Uning aniq meyorlari sanitariya qoidalari va normalarida belgilanadi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi mazkur sohadagi vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Qonunda fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan shovqin manbalari ham belgilangan. Ular qatoriga turar joylardagi maishiy va uy-xoʻjalik faoliyati, qurilish ishlari, qurilish texnikasi hamda transport vositalaridan chiqadigan shovqinlar kiradi.

Belgilangan tartibga muvofiq, yoʻl qoʻyiladigan darajadan ortiq shovqin chiqarib, fuqarolar osoyishtaligini buzish ish kunlari soat 23:00 dan 07:00 gacha taqiqlanadi.

Dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida esa bu cheklov soat 22:00 dan 09:00 gacha amal qiladi.

Shuningdek, shovqinning zararli taʼsiri oqibatida yetkazilgan zarar uchun sud orqali kompensatsiya undirish mumkin.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan uch oy oʻtgach kuchga kiradi.