1-qavatdagi kvartirani noturar joy toifasiga oʻtkazmasdan tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga ruxsat beriladi. Davlat chegarasi ostidan tunnel qazganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi. Saida Mirziyoyevaga yangi vazifalar yuklatildi. Senat alifboda toʻrtta harfni oʻzgartirishni maʼqulladi. Chorvoqda choʻkib ketgan ota-bolalarning jasadi topildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

1-qavatdagi kvartirani noturar joy toifasiga oʻtkazmasdan tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga ruxsat beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazdi.

Unda koʻp kvartirali uylarning birinchi qavatidagi xonadonni noturar joy toifasiga oʻtkazmasdan, savdo va servis faoliyatiga moslashtirishga ruxsat berish taklif etildi. Bunda xabardor qilishning oʻzi yetarli boʻladi. Mutasaddilarga bir oy muddatda bunday xonadonda tashkil etilishi mumkin boʻlgan xizmat turlari roʻyxati va xavfsizlik talablarini ishlab chiqish topshirildi.

Koʻp qavatli uylar atrofidagi boʻsh joylarni aniqlab, oʻzboshimchalik bilan egallangan hududlarni tartibga keltirish, umumiy foydalanishdagi bolalar maydonchalari, sport va fitness hududlari, yashil maydonlar tashkil etish hamda koʻchalarni yoritish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Davlat chegarasi ostidan tunnel qazganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi

Senat yalpi majlisida Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga davlat chegarasini qoʻriqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun maʼqullandi.

Maʼlum qilinishicha, transmilliy jinoyatchilikning yangi koʻrinishlari, xususan, davlat chegarasi orqali yerosti tunnellarini qurish va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari mavjud qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirgan.

Qonun bilan Jinoyat kodeksida davlat chegarasi orqali yerostida noqonuniy tunnellar va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, ulardan foydalanish, bunday faoliyatni tashkil etish yoki moliyalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Saida Mirziyoyevaga yangi vazifalar yuklatildi

Prezident farmoni bilan Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hozirgi lavozimi bilan oʻrindoshlik asosida Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi lavozimiga tayinlandi.

Boshqaruvchi moliya markazi kengashining bosh kotibi hisoblanadi, kun tartibini shakllantirishni tashkil etadi, rais qatnashmagan majlislarda ularga raislik qiladi.

Moliya markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyishni muvofiqlashtirish boshqaruvchi faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri boʻladi. Birinchi navbatdagi hujjatlarni tayyorlash, davlat organlari va markaz tuzilmalari oʻrtasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish shular jumlasidan. Boshqaruvchi, shuningdek, bitimlar tuzish, ishchi guruhlar tashkil etish va ekspertlarni jalb qilish huquqiga ega.

Senat alifboda toʻrtta harfni oʻzgartirishni maʼqulladi

Oliy Majlis Senati «Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish kiritish haqida»gi qonunni maʼqulladi.

Qonun bilan, alifboga quyidagicha oʻzgartishlar kiritilmoqda:

O‘ o‘ → Ö ö

G‘ g‘ → Ğ ğ

Sh sh → Ş ş

Ch ch → Ç ç

Shuningdek, Ng mustaqil harf sifatida alifbodan chiqariladi. Tutuq belgisi saqlab qolinadi.

Senat matbuot xizmati xabariga koʻra, qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qogʻozlar toʻsiqsiz muomalada qoladi.

Chorvoqda choʻkib ketganlarning jasadi topildi

Chorvoq suv omborida choʻkib ketgan ota-bolalarni qidirish boʻyicha qidiruv amaliyoti yakunlandi.

9-sentabr kuni FVV gʻavvoslari kichik oʻgʻilning jasadini topishgandi. 10-sentabr kuni avvaliga katta oʻgʻil, biroz oʻtib otaning ham jasadi suvdan olib chiqilgan.

Baxtsiz hodisa 2-sentabr kuni Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida sodir boʻlgan edi. FVV matbuot xizmati xabariga koʻra, katerda sayr qilish paytida oila aʼzolaridan biri – kichik oʻgʻil qutqaruv nimchasidan foydalanmagan holda choʻmilish uchun suvga tushgan. Uning oyoq tomiri tortishib qolgan va choʻka boshlagan. Unga yordam berish maqsadida akasi va otasi ham birin-ketin suvga tushgan. Oqibatda uchalasi ham choʻkib ketgan.

FVV fuqarolarni suv obyektlarida xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga chaqirdi.