Rossiya qoʻshinlari 17-sentabr, payshanbaga oʻtar kechasi Ukraina poytaxti Kiyevga keng koʻlamli raketa hujumini amalga oshirdi. Bu haqda Deutsche Welle Ukraina rasmiylariga tayanib xabar berdi.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning maʼlum qilishicha, hujum oqibatida kamida 12 kishi jarohatlangan. Ular orasida 10 va 12 yoshli ikki bola ham bor. Jabrlanganlarning toʻqqiz nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Kiyev shahar harbiy maʼmuriyati keyinroq jarohatlangan 10 yoshli bola qiz ekanini maʼlum qildi.
Hujum oqibatida Ukraina poytaxtining bir nechta tumanida binolarga zarar yetgan. Shahar harbiy maʼmuriyatiga koʻra, Solomenskiy va Dnipro tumanlarida omborxonalar shikastlangan. Dnipro tumanida turar joy binosiga ham zarar yetgan.
Klichkoning maʼlumotlariga koʻra, shu tumandagi uch qavatli ofis binosining fasadi va oynalari shikastlangan. Bir nechta turar joy binosining derazalari singan. Svyatoshinskiy tumanida esa noturar joy binosi zarar koʻrgan.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati Goloseyevskiy tumanidagi toʻrt qavatli oliy taʼlim muassasasi binosining fasadi va oynalari ham shikastlanganini bildirdi. Qaysi oliygoh ekani ochiqlanmagan. Ushbu hodisada halok boʻlgan yoki jarohatlanganlar qayd etilmagan.
Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari 17-sentabrga oʻtar kechasi Kiyev tomon raketalar harakatlanayotgani haqida ogohlantirgan edi.
Odessada toʻrt yoshli bola jarohatlandi
Xuddi shu kecha Rossiya Odessaga ham hujum qildi. Odessa shahar harbiy maʼmuriyati rahbari Sergey Lisakning maʼlum qilishicha, zarba oqibatida kamida uch kishi jarohatlangan.
Jabrlanganlar orasida toʻrt yoshli bola ham bor. Lisakning bildirishicha, ularning barchasiga zarur tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.
Shahar harbiy maʼmuriyati rahbari hujum natijasida Odessada koʻp qavatli bino ham shikastlanganini maʼlum qildi.
Sumida bir kishi halok boʻldi
Bundan tashqari, 16-sentabr kuni kechqurun Rossiyaning Sumi shahriga aviahujumlari oqibatida bir kishi halok boʻlgan, yana toʻqqiz kishi jarohatlangan. Jarohatlanganlar orasida ikki nafar bola bor.


















