Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Nyu-Yorkda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davomida energetika obyektlariga zarbalar berish boʻyicha moratoriy joriy etish tashabbusini muhokama qildi.

Makron bu haqda 21-sentabr kuni X ijtimoiy tarmogʻida maʼlum qildi.

«Biz Ukrainaning energetika va fuqarolik infratuzilmasiga zarbalar berish boʻyicha moratoriyga erishish uchun ham saʼy-harakatlarimizni birlashtiramiz. Tinch aholi himoya qilinishi kerak. Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi tinchlik shartlari boʻyicha jiddiy muzokaralarni imkon qadar tezroq boshlashimiz lozim», - dedi Fransiya rahbari.

Tramp bilan uchrashuvdan keyin jurnalistlarga gapirgan Makron tomonlar Ukrainaning mudofaa salohiyatini kuchaytirish zarurligi boʻyicha yakdil fikrga kelganini bildirdi.

Uning soʻzlariga koʻra, Ukrainaga Rossiyaning havo hujumlaridan himoyalanish uchun qoʻshimcha tutib qoluvchi raketalar yetkazib berish masalasi ham muhokama qilingan.

21-sentabr kuni kechqurun Nyu-Yorkda Makron va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ikki tomonlama uchrashuvi ham boshlandi.

Bundan oldin Zelenskiy amerikalik qonun chiqaruvchilar bilan uchrashib, Rossiyaga qarshi keskin sanksiyalarni nazarda tutuvchi qonunni qabul qilgani uchun ularga minnatdorlik bildirgan.

«Men sanksiyalar ishlay boshlashini istayman», - dedi Ukraina rahbari.

Nyu-Yorkda 22–26-sentabr kunlari BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi oʻtkazilmoqda. Unda qariyb 130 nafar davlat va hukumat rahbari ishtirok etishi kutilmoqda.

Zelenskiyning 22-sentabr kuni Donald Tramp bilan ham uchrashishi rejalashtirilgan.