Tashanovga koʻra, 24-sentabr kuni harbiy sud Taftish.uz tahririyati xodimlari va DXX zobitlariga nisbatan hukm oʻqigan. Tahririyat rahbari Gʻayrat Aberayev 10,5 yilga, jurnalist Marjona Eshquvvatova 4 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.
Shuningdek, sayt tahririyatining yana ikki vakili hamda sobiq DXX xodimlariga 10 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

“Ular tuhmat, haqorat, firibgarlik, tovlamachilik singari ayblovlar bilan ayblangan. Yopiq sud majlisi hukmiga koʻra, sudlanuvchilar jazo muddatlarini umumiy tartibdagi koloniyalarda oʻtaydi”, deyiladi Tashanovning xabarida.


Bu haqda hozircha rasmiy axborot berilgani yoʻq. Kun.uz Oliy sud matbuot kotibi Surayyo Xojamqulova bilan bogʻlandi. U sud hukmi hali qonuniy kuchga kirmaganini, shu sababli rasmiy axborot berilmaganini bildirdi.

“Sud hukmi qonuniy kuchga kirmaguncha sudlanuvchi sudlangan hisoblanmaydi. Shu sababli, hukm qonuniy kuchga kirishini kutyapmiz. Shundan soʻng rasmiy axborot beramiz”, deya taʼkidladi Surayyo Xojamqulova.

Taftish.uz xodimlari, jumladan, nashr rahbari shu yil yanvarida tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib qoʻlga olingandi.

Ichki ishlar vazirligi oʻshanda sayt xodimlariga qoʻyilgan ayblovlar tafsilotlarini eʼlon qilgan va ularni «tovlamachilikni kundalik faoliyatga aylantirgan» shaxslar deb atagandi.

«Jinoiy faoliyatini daromad manbaiga aylantirib olgan Aberayev boshchiligidagi jinoiy guruh murojaatchilarni aldash bilan bir qatorda, fuqarolarni obroʻsizlantiruvchi yoki boshqa usulda sharmanda qiluvchi videolarini tarqatish bilan tahdid qilib, yoki shunday videolarni internet orqali eʼlon qilinganidan keyin oʻchirib berish evaziga fuqarolardan pul talab qilish bilan shugʻullanib kelgan. Yaʼni kelib tushgan murojaatlarni yoritganligi uchun bir tarafdan mablagʻ olgan boʻlsa, tayyorlangan materiallarni oʻchirib yuborish uchun ikkinchi tarafdan pul talab qilishgan», deyilgan vazirlik xabarida.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri maʼlumotlariga koʻra, Taftish.uz saytiga egalik qiluvchi Elita-Media kompaniyasi 2019-yil sentabr oyida tashkil etilgan. Uning direktori Aberayev, asoschisi esa Dilshod Irgashev ekani koʻrsatilgan. Sayt 2021-yil 24-martda ommaviy axborot vositasi sifatida roʻyxatdan oʻtgan.