«Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari» toʻgʻrisidagi prezident farmoni qabul qilindi. Farmonda gazlashmagan hududlar uchun elektr energiyasiga imtiyozli tariflarni joriy qilish vazifasi qoʻyilgan.
Hujjatda tabiiy gaz yetib borishi qiyin boʻlgan hududlarni elektrlashtirish uchun xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, xalqaro moliya institutlarining texnik koʻmagidan foydalangan holda tajribali konsultantlarni jalb qilish rejalashtirilyapti. Ular bilan birgalikda tabiiy gaz yetib borishi qiyin boʻlgan hududlarni elektrlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi. 2027-yil fevralgacha:
- elektrlashtiriladigan isteʼmolchilar, shuningdek, tabiiy gaz taʼminoti mavjud boʻlmagan va isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanib kelayotgan isteʼmolchilar uchun elektr energiyasining imtiyozli tariflarini belgilash;
- elektrlashtirish natijasida almashtiriladigan energiya samaradorligi yuqori boʻlgan maishiy texnikalarni sotib olishda qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etishdan iborat elektrlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi kerak.
Loyiha 2027-yil aprelgacha hukumatga kiritilishi koʻzda tutilgan. Mazkur yoʻnalishdagi ishlar uchun masʼul ijrochilar sifatida Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Energiya samaradorligi milliy agentligi koʻrsatilgan.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yilning oktabr oyida sobiq energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov gazlashtirilmagan hovlilar uchun ham elektr energiya tariflariga 50 foizlik chegirma berish boʻyicha topshiriq boʻlganini aytgandi. Keyinchalik bu borada tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilgani ham maʼlum qilingandi. 2025-yilning oktabr oyida esa ushbu tashabbus bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, ayrim hududlarda pilot loyiha sinovdan oʻtkazilishi xabar qilingandi.













