Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumani hokimi Xurram Joʻrayevga tadbirkor bolta bilan hujum qilgan. Bu haqda Kun.uz manbalari xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, voqea kecha, 14-oktabr kuni paxta qabul qilish maskanida sodir boʻlgan. Tadbirkor hokimning maskanga kelishini kutib turgan. Xurram Joʻrayev kelgach, uning ortidan bolta bilan zarba bergan.
Maʼlum boʻlishicha, hokim va tadbirkor oʻrtasidagi ziddiyat tadbirkorning doʻkonini buzish masalasida kelib chiqqan. Hokimlik doʻkonni buzdirish masalasida sudga daʼvo kiritgan. Ammo sud tadbirkor foydasiga qaror chiqargan. Keyin nizoli ish boshqa tuman sudiga oʻtkazilgan va hokimlik daʼvosi qanoatlantirilgan.
Shundan soʻng hokimlik tadbirkorga bir hafta muhlat berib, doʻkonni buzib tashlashni talab qilgan.
Manbaning qoʻshimcha qilishicha, hozirda Xurram Joʻrayev shifoxonada qolmoqda. Uning ahvoli qoniqarli ekani aytilmoqda.
IIV matbuot xizmati hodisa sodir boʻlganini tasdiqladi va prokuratura oʻrganish olib borayotganini maʼlum qildi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Ahror Sodiqov “aniq tafsilotlardan xabardor emas”ligini aytdi. Kun.uz Bosh prokuratura va Sogʻliqni saqlash vazirligiga soʻrov yubordi.
Eslatib oʻtamiz, Xurram Abdurazikovich Joʻrayev 2022-yil 19-apreldan buyon Koʻkdala tumani hokimi lavozimida ishlab kelmoqda.















