16 iyul kuni Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanida portlash ro‘y berdi. Aholi uylariga tarqatiladigan ballonlarga gaz to‘ldirish stansiyasida yong‘in chiqib, 4 kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi jarohatlandi. Voqea oqibatida stansiyaga tutash joylashgan restoran ham butunlay yonib ketgan. Kun.uz voqea joyida bo‘lib, hodisaning sabab va oqibatlarini o‘rgandi.

Samarqand-G‘uzor avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan ushbu shoxobchaning ma’muriy binolari jiddiy zararlangan. Texnikalar va hovlisida katta yong‘indan keyingi alomatlar shundoq ko‘rinib turibdi. Yon-atrofdagi daraxtlar ham yongan. Stansiyaga qarshi tomonidagi katta issiqxona ham zarar ko‘rgan. Ushbu holat ham portlash darajasi va talofatini ko‘rsatib turibdi.

Qashqadaryo FVB axborot xizmati rahbari Sohibjon Vayitovga ko‘ra, 16 iyul, 14:40 atrofida qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan. To‘rtta yong‘in qutqaruv bo‘linmasi voqea joyiga yetib borib, 15:35 atrofida to‘liq yong‘in o‘chirilgan. Yong‘in sababi va zarar miqdoriga aniqlik kiritilmoqda.

Gaz to‘ldirish stansiyasi rahbari ham yong‘in oqibatida vafot etgan.

Portlash natijasida shoxobcha hovlisidagi konteynerlardan biri restoran hududiga uchib tushgan va natijada restoranda ham yong‘in boshlangan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, bu yerda ham vafot etganlar bor. Yong‘in kunduz, soat 14.40 larda sodir bo‘lgan. Bu vaqtda oshxonada ko‘p odam bo‘lmagani oqibatlarni ancha yengillashtirgan.

Ko‘kdala tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Odiljon Shaymanov 16 iyul kuni kuyish tan jarohatlari bilan yetti nafar bemor shifoxonaga keltirilgan. Ularning ikki nafarining holati og‘ir va reanimatsiyaga yotqizilgan. Besh nafari turli darajadagi tan jarohatlari bilan murojaat qilgan. Kerakli tibbiyot mutaxassislari jalb qilingan.