Naked Science xabariga koʻra, tadqiqot npj Palaeoecosystems jurnalida eʼlon qilingan. Olimlar Xitoy janubidan topilgan tobut taxtalaridagi daraxt halqalarini oʻrganib, 805–1150-yillardagi namlik sharoitlarini tiklashga uringan.
960–1127-yillarda mavjud boʻlgan Shimoliy Sun oʻz davrining iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan davlatlaridan biri edi. Sugʻorish texnologiyalari, takomillashtirilgan mehnat qurollari va yangi sholi navlari qishloq xoʻjaligi oʻsishiga yordam bergan. Hunarmandchilik, metallurgiya, dengiz savdosi va qogʻoz pul muomalasi ham rivojlangan.
Biroq 1127-yilda chjurchjenlar Sun poytaxtini egallab, imperatorni asir olgan. Sulola hukmronligi Xitoy janubida davom etgan boʻlsa-da, mamlakatning shimoliy qismi qoʻldan ketgan.
Yangi tadqiqot mualliflari bu magʻlubiyatgacha davlatni zaiflashtirgan omillarni oʻrgangan. Ular tobut taxtalaridagi turli yillarga tegishli halqalarda kislorod izotoplari nisbatini tahlil qilgan.
Daraxt yogʻochidagi kislorod-18 miqdori namlik sharoitlari haqida maʼlumot beradi. Ushbu koʻrsatkichlarni taqqoslash Xitoy janubida 1080-yillardan boshlab yogʻingarchilik jiddiy va uzoq muddatga kamayganini koʻrsatgan.
Tadqiqotchilar bu jarayonni haroratning pasayishi bilan ham bogʻlagan. Ehtimoliy sabablardan biri sifatida Janubiy Xitoy dengizining sovishi keltirilgan. Bu dengizdan bugʻlanadigan suv va quruqlikka keladigan namlik miqdorini kamaytirgan boʻlishi mumkin.
Tahlillarga koʻra, 1101-yildan keyin qurgʻoqchilik yanada kuchaygan. Ushbu davr oʻrganilgan 805–1150-yillar oraligʻidagi eng noqulay namlik sharoitlari bilan ajralib turgan. Biroq qoʻllangan usullar oʻzgarishlarning aniq miqdorini belgilash imkonini bermagan.
Tarixiy manbalar ham shu davrda hosildorlik pasaygani, ekin maydonlari qisqargani va XII asr boshida Xitoy janubida sitrus daraxtlari ommaviy nobud boʻlganini qayd etadi. Guruch narxi esa keskin koʻtarilgan.
Shimoldagi harbiy mojarolar uchun mablagʻga muhtoj davlat iqtisodiyot zaiflashayotganiga qaramay, soliq tushumlarini saqlashga uringan. Natijada aholi zimmasidagi soliq yuki ogʻirlashib, norozilik kuchaygan.
1120-yilda asosiy ishtirokchilari norozi dehqonlar boʻlgan Fan La qoʻzgʻoloni boshlangan. Xitoy tarixiy manbalarida qoʻzgʻolon va uni bostirish davomida ikki million kishi halok boʻlgani keltiriladi. Bu voqealar davlatga katta xarajat keltirib, armiyani ham zaiflashtirgan.















