Jahon | 14:02
1678
5 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda yovvoyi fil 22 kishini o‘ldirdi. U hamon qidirilmoqda

Fil hujumi yanvarning birinchi o‘n kunligida Jarkxand shtatida kuzatilgan. Bir tishli yovvoyi fil o‘rmon va qishloqlarni kezib, yo‘lida uchraganlarni bosib ketgan.

Ëvvoyi Osiyo fili / Foto: Sharad Vats

Hindistonning sharqidagi Jarkxand shtatida yovvoyi fil kamida 20 kishini o‘ldirgan. hayvon hanuz qo‘lga olinmagan. O‘lim holatlari 1-9 yanvar kunlari G‘arbiy Singhbhum tumanidagi Chaibasa va Kolhan o‘rmon hududlarida sodir bo‘lgan.

The Guardian'ning yozishicha, yanvar boshidan buyon ushbu bir tishli fil qurbonlari soni 22 kishiga yetgan. U o‘rmonlar va qishloqlarni kezib, yo‘lida uchraganlarni bosib ketmoqda.

«Bu misli ko‘rilmagan holat. Hududda ilk bor shuncha o‘lim birgina erkak fil bilan bog‘lanmoqda,» dedi tuman o‘rmon bo‘limi boshlig‘i Kuldeep Mina. U butun hudud yuqori ogohlantirish holatiga o‘tkazilganini qo‘shimcha qildi.

Singhbhum tumani Hindiston xaritasida

Uning aytishicha, hozirgi asosiy vazifa — filni topish, tutish va xavfsiz tarzda yana tabiatga qaytarishdir. Tuman hokimi Chandan Kumar o‘lganlar orasida o‘rmon ishchisi ham borligini aytdi. Rasmiylar qurbonlar oilalariga moddiy yordam ajratilishini e’lon qilgan.

BBC'ning mahalliy rasmiylarga tayanib yozishicha, qurbonlardan biri, 34 yoshli erkak Bodijari qishlog‘idagi uyiga yaqin joyda ishidan qaytayotganda hujumga uchragan. 62 yoshli Urdub Bahoda dalasini qo‘riqlab turgan paytda o‘ldirilgan. O‘sha kechada 42 yoshli erkak esa uyining tashqarisida uxlab yotganida fil tomonidan bosib o‘ldirilgan.

Yana bir hodisada 5 yanvar kuni Kundra Bahoda va uning ikki farzandi – 6 yoshli Kodama va 8 yoshli Samu fil hujumida halok bo‘lgan.

Fil bilan to‘qnashuvlardan biri / Foto: BBC

O‘limlarning aksariyati kechasi – odamlar dalada va omborlarda saqlanayotgan sholini qo‘riqlayotgan paytda sodir bo‘lgan. Bu Hindiston qishloq hududlarida keng tarqalgan odat.

Fil bir kunda qariyb 30 kilometr yo‘l bosmoqda va uni topish uchun 100 dan ortiq o‘rmon xo‘jaligi xodimi safarbar etilgan, biroq hozircha natija yo‘q.

O‘rmon xodimlari fil yosh, chaqqon va ayniqsa kechalari joyini tez-tez o‘zgartirayotganini, shu bois uni kuzatish qiyinligini aytishdi. Jamoalar aholini ogohlantirish uchun an’anaviy baraban signalidan foydalanmoqda: odamlar kechasi tashqariga chiqmaslik yoki tashqarida uxlamaslik haqida ogohlantirilmoqda.

Ëvvoyi Osiyo fillari / Foto: Sharad Vats

Dastlabki baholashga ko‘ra, fil juftlashish davrida bo‘lishi mumkin: bu davrda erkak fillarda testosteron darajasining oshishi sabab tajovuz kuchayadi. Rasmiylarga ko‘ra, bunday holat odatda 15–20 kun ichida pasayadi. Shuningdek, fil podasidan adashib, ajralib chiqqan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Rasmiylarni uni topib, yana boshqa fillarga qo‘shib yuborish zarurligini ta’kidlagan.

Hindistonda fillar bilan fojialar

Hindistonda odamlar va fillar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar yillar davomida qayd etilib kelinmoqda. Rasmiylar va tadqiqotchilar buni o‘rmon maydonlarining qisqarishi, yashash muhitining parchalanganligi va fil yo‘laklari yaqinida inson faoliyatining ortishi bilan bog‘lashmoqda.

Ilgari fillarning xavfsiz ko‘chish yo‘laklari bo‘lgan hududlarning taxminan 10 foizi endi mavjud emas. Bundan tashqari, fillar elektr tokiga urilishi, poyezd urib ketishi va qasoskorona zaharlashlar kabi hodisalarda ko‘p nobud bo‘lmoqda.

Turli ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Hindistonda 22 mingdan ortiq yovvoyi fillar bor. Bu Osiyoda shu turdagi hayvonlarning 4/3 qismini tashkil qiladi. Ular, asosan Hindistonning o‘rmon, tog‘ va savanna tipidagi hududlarida suv va ozuqa yetarli bo‘lgan joylarda yashaydi. Bundan tashqari, ushbu davlatda 3 mingdan ortiq qo‘lga o‘rgatilgan fillar ham odamlarga xizmat qiladi.

Ëvvoyi Osiyo fillari / Foto: Sharad Vats

Hindistonda yashaydigan yovvoyi Osiyo fillarining bo‘yi 2-3 metr atrofida, og‘irligi esa 5 tonnagacha boradi. Asosan erkak fillarda tish bo‘ladi. Ular juda tinch ko‘rinsa-da, xavf tug‘ilganida yoki juftlashish davrida juda tajovuzkor bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida Hindistonda fillar bilan bog‘liq to‘qnashuvlarda 2 800 dan ortiq odam halok bo‘lgan.

Ayrim shtatlardagi qishloqlarda fillarning yaqinlashishini aniqlash va aholini himoyalash uchun sun’iy intellekt asosidagi erta ogohlantirish tizimlari joriy etilgan.

Mavzuga oid