Hukumatning 2026-yil 21-oktabrdagi 585-son qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi. U qishloq xoʻjaligi, baliqchilik, sanoat, energetika va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlar uchun suv olishdagi qoidabuzarliklarga taalluqli.
Quyidagi holatlar suv olish tartibini buzish deb hisoblanadi:
belgilangan limitdan ortiqcha suv olish;
suv olish shartnomasini rasmiylashtirmasdan suv olish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlamaslik;
suvdan maxsus foydalanish ruxsatnomasisiz suv olish;
oʻzboshimchalik bilan suv olish.
2027-yil 1-yanvardan «Birinchi xato uchun - ogohlantirish» qoidasi joriy etiladi. U yil davomida birinchi marta suv olish tartibini buzgan, ammo fuqarolar hayoti va sogʻligʻi hamda oʻzgalar mulkiga zarar yetkazmagan yuridik shaxslarga tatbiq qilinadi.
Bunday holda Inspeksiya yuridik shaxsni suvnazorat.uz elektron platformasi orqali ogohlantirib, qoidabuzarlikni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatma beradi. Holat 10 kun ichida bartaraf etilmasa, moliyaviy sanksiya qoʻllanadi.
Sanksiya miqdori har ming kub metr suv uchun bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan, Suv kodeksining 164-moddasida belgilangan foizlar asosida hisoblanadi. Sanksiya qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida tartib takroran buzilsa, besh baravar miqdorda sanksiya qoʻllanadi.
Toʻlovni ixtiyoriy amalga oshirish uchun yengilliklar ham belgilangan. Qaror va sanksiya hisob-kitobi olingan kundan boshlab bir oy ichida summaning 50 foizi toʻlansa, yuridik shaxs qolgan qismini toʻlashdan ozod etiladi.
Shuningdek, sanksiyani olti oydan kechiktirmasdan boʻlib-boʻlib toʻlash mumkin. Bunda har oylik toʻlov umumiy summaning oltidan bir qismidan kam boʻlmasligi kerak. Dastlabki toʻlov bir oy ichida amalga oshirilsa, boʻlib toʻlash tartibi avtomatik ravishda qoʻllanadi.
Nizomga koʻra, sanksiya ixtiyoriy toʻlanganida huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanmagan deb hisoblanadi. Bir oy ichida ixtiyoriy toʻlov amalga oshirilmasa, Inspeksiya sudga daʼvo arizasi kiritadi.

















