Braziliyada saylov

Braziliyada 25-oktabr kuni ötkazilgan prezidentlik saylovining ikkinçi turida amaldagi prezident Lula da Silva ğalaba qozondi. Şu tariqa 80 yoşli siyosatçi törtinçi marta davlat rahbari etib saylandi.

Mamlakat Oliy saylov sudining yakuniy maʼlumotlariga köra, Lula 64,3 million (51,79 foiz) ovoz oldi. Uning raqibi, sobiq prezident Jair Bolsonaroning tönğiç öğli Flavio Bolsonaro esa 59,8 million (48,21 foiz) ovoz töpladi.

Ayrimlar bu natijani sörovnomalarga zid, kutilmagan ğalaba deb atadi. Çunki 4-oktabrdagi birinçi turda Bolsonaro Luladan qariyb 2 foiz köp ovoz olgandi.

San-Pauluda tarafdorlari oldida nutq sözlagan Lula mamlakat suverenitetini himoya qilişini taʼkidladi. U AQŞ prezidenti Donald Trampga işora qilib şunday dedi: «Bu mamlakat heç kimning orqa hovlisi bölişni qabul qilmaydi».

Flavio Bolsonaro esa mağlubiyatni tan olmadi. U Oliy sud ovoz beriş vaqtini ikki soatga uzaytirgani sababli natijani bekor qilişni söramoqçi. Biroq tahlilçilar buning ehtimoli juda past ekanini aytmoqda. Sababi, ovozlar farqi 4 milliondan oşadi, Bolsonaro ştabi esa janubdagi yomğirlar tufayli özi ham vaqtni uzaytirişni söragandi.

2022-yilgi saylovda Lulaga yutqazgan Jair Bolsonaro ham natijani tan olmagandi. Keyinçalik u hokimiyatda qoliş maqsadida davlat töntarişini rejalaştirgani uçun 27 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Lula ğalabasi Trampni Lotin Amerikasida öziga yaqin öng hukumatlar safini kengaytiriş imkonidan mahrum qildi. Biroq Lulani oğir muddat kutmoqda, çunki Braziliyada 1980-yillardan beri eng konservativ Kongress saylandi.

Şri-Lanka eronlik dengizçilarni qutqardi

AQŞning dengiz qamali tufayli oçiq dengizda qolib ketgan Eron kemalaridagi dengizçilarga Şri-Lanka yana yordam berdi. Mamlakat TIV vakilining BBC'ga aytişiça, 24-oktabr kuni orol qirğoqlari yaqinidagi xalqaro suvlardan 40 nafar eronlik dengizçi olib çiqildi.

Şanba kuni Eron kemalaridan şoşilinç tibbiy yordam sörab murojaat kelgan. Qutqaruv operatsiyasini Eronning Kolombodagi elçixonasi rejalaştirgan. Dengizçilar turli kemalarda xizmat qilgan, biroq kemalar soni maʼlum emas. Dengizçilarning qanday kasallikka çalingani ham oşkor qilinmadi.

Dengizçilar tibbiy yordam uçun Kolomboga olib borildi va şu kuni keçqurun samolyotda Eronga qaytarildi.